Kumush qish nafasi
Asr og‘ib, shomga yaqinlashmoqda.
Jizzax viloyatining Paxtakor shaharchasi qish sukuti bag‘rida.
Peshindan so‘ng yoqqan oppoq qor ko‘chalarni, daraxtlarni, maydonlarni go‘yo sekingina uyquga ketkazayotgandek.

Havo musaffo.Atrofga borgan sari sokinlik cho‘kmoqda.Yo‘l chiziqlari qor ostida zo‘rg‘a ko‘rinadi, daraxt shoxlari esa oppoq libosga burkangan.
Maydonlar va bog‘lar — qish chizgan tabiiy manzara.
Kimdir ishdan, yana kimdir maktabdan, boshqasi esa bozordan uyiga shoshadi. Unchalik ko‘p bo‘lmasada, avtomobillar g‘izillab o‘tib turibdi.

Maktabdan qaytgan bolalarning uylariga bormay, quloqchinlarini bostirib, qorbo‘ron o‘ynashlaridan havo harorati soviy boshlaganini sezish mumkin. Biroq Paxtakorda hayot to‘xtagani yo‘q. Ijtimoiy va iqtisodiy ob’ektlarda hali mehnat qaynamoqda.
Qor kuraydigan mashina ovozi — qish sukutini biroz buzayotgandek.
Bu lahzalarda Paxtakorning qishgi qiyofasi sokin, kamtar va samimiy, donishmandnoma.
Kumush qish bu yerda shoshqaloqlikni emas, bir zum to‘xtab, atrofga boshqacha nigoh bilan qarashni talab qilayotgandek. Shu o‘rinda shoirning quyidagi satrlari yodga tushadi:
Yurtim uzra bugun oppoq qor yog‘ar,
Go‘yoki osmonda kimdir sut sog‘ar,
Hamma hayrat bilan atrofga boqar,
Bog‘, tog‘lar oqlikka burkanib yotar.
Yalang‘och daraxtlar kiymish oq libos,
Ko‘zni qamashtirar misoli olmos,
Bundan zavqlanmasdan, quvonmay bo‘lmas –
Yurtim uzra bugun oppoq qor yog‘ar.
Sochimda, yuzimda, qo‘llarimda qor,
To‘rt tomonimda ham – yo‘llarimda qor,
Butun xayolimda, o‘ylarimda qor –
Yurtim uzra bugun oppoq qor yog‘ar.
Aslida qor emas – yog‘ar rizqu ro‘z,
Sevinch yoshlariga to‘lar nogoh ko‘z,
Tillardan uchadi "shukur" degan so‘z,
Yurtim uzra bugun oppoq qor yog‘ar.
Abdujalol Qayumov, O‘zA