Dorixonalarda “qo‘shimcha narx”lar fosh etildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalarini asossiz ravishda oshirish holatlari aniqlandi. Mazkur qoidabuzarliklar Soliq organlari orqali fosh etilib, Qo‘mitaning “Fair Tech” yagona axborot tizimi orqali nazoratga olinmoqda.
2025-2026-yillar davomida ushbu tizimga kelib tushgan xabarlar asosida 991 ta dorixonada (152 ta ulgurji va 839 ta chakana) jami 414 mingdan ortiq holatda qonunbuzarlik qayd etildi. Natijada, 8,5 mlrd. so‘m miqdorida asossiz daromad olingani aniqlanib, mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Shu bilan birga, litsenziya talablarini buzgan korxonalar bo‘yicha tegishli hujjatlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga taqdim etildi.
Qayd etilishicha, qator dori tarqatuvchi tashkilotlar: “FARM EFFEKT”, “PHARMA BREND”, “GIPOFIZ FARM”, “MAXSUDBEK BIZNES”, “THE GREAT FARM” va “MEDEX GROUP PHARM” korxonalarining litsenziyalari narxlarni sun’iy oshirgani uchun bekor qilingan.
Raqobat qo‘mitasi ushbu yo‘nalishda nazoratni yanada kuchaytirib, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan dorixonalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish va ular ro‘yxatini ochiq e’lon qilib borishini ma’lum qildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA