“ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Saudiya Arabistoni “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jon Zaidi bilan uchrashdi.
Unda davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha alohida e’tibori haqida ta’kidlandi.
Uchrashuvda “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha respublika hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, istiqbolli loyihalarni yanada ko‘paytirish, shuningdek, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, “Nukus-1” loyihasi doirasida quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi barpo etildi. Shuningdek, Beruniy tumanida “Nukus-2” loyihasi doirasida qiymati 260 million AQSH dollarlik 200 megavattlik shamol elektr stansiyasi va 100 megavattlik energiya saqlash tizimi qurilmoqda. Bundan tashqari, Qo‘ng‘irot tumanida 2000 megavattlik shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.
Uchrashuvda hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish, qurilish ishlari va stansiya ishlariga mahalliy fuqarolarni jalb qilish, buning uchun zarur kadrlarni tayyorlashda Qoraqalpog‘istondagi o‘quv yurtlari imkoniyatlaridan foydalanish kabi muhim masalalar yuzasidan keng turda fikr almashildi va kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.