Dilnura Osiyo kubogida chempion bo‘ldi
Sirdaryo tumani yoshlari xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etib, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Ana shunday iqtidorli yoshlardan biri — Sirdaryo tumanidagi 1-son texnikumi o‘quvchisi Dilnura Shavkatova navbatdagi yirik yutug‘ini qo‘lga kiritdi.
Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l viloyatida bo‘lib o‘tgan X xalqaro “Pearl of Kyrgyzstan” (“Qirg‘iziston durdonasi”) sport o‘yinlari doirasida tashkil etilgan “Jang san’ati” bo‘yicha Osiyo kubogida ishtirok etgan Dilnura Shavkatova barcha raqiblarini mag‘lub etib, musobaqaning mutlaq g‘olibasi bo‘ldi. U faxrli birinchi o‘rinni egallab, oltin medal hamda chempionlik kamari bilan taqdirlandi.
Mazkur xalqaro sport o‘yinlari joriy yilning 8–22-iyun kunlari Issiqko‘l sohilidagi Cho‘lpon-Ota shahri va boshqa sport majmualarida tashkil etildi. Nufuzli musobaqalar dasturiga 20 dan ortiq sport turi kiritilgan bo‘lib, unda Markaziy Osiyo davlatlari hamda yaqin va uzoq xorij mamlakatlaridan minglab sportchilar qatnashdi.
Dilnura Shavkatovaning mazkur g‘alabasi nafaqat uning mehnatsevarligi, matonati va iqtidorining samarasi, balki mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish hamda ular uchun xalqaro maydonlarda o‘z salohiyatini namoyon etish imkoniyatlari yaratilayotganining amaliy ifodasidir.
Ayniqsa, keyingi yillarda Sirdaryo viloyatida sport infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni maqsadli tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Bugun viloyat sportchilari respublika va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqda.
Dilnura Shavkatovaning Osiyo kubogidagi ushbu yorqin g‘alabasi tengdoshlari uchun ham katta motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qiladi. Uning qat’iyati, intilishi va g‘alabaga bo‘lgan ishonchi kelajakda yanada yuksak marralarni zabt etishiga ishonch uyg‘otadi.
Sirdaryo tumani hokimligi tomonidan chempion sportchi samimiy muborakbod etilib, unga kelgusi musobaqalarda ham muvaffaqiyat, mustahkam iroda, sog‘lik-salomatlik va yangi zafarlar tilab qolindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri