Gaz ta’minotida yangi yondashuvlar qilinmoqda
Zangiota tumanida gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va mahallalar kesimida nazorat balansini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.
“Hududgazta’minot” AJ tashabbusi bilan tadbirda hududiy mutaxassislar ishtirok etdi. Unda “Parkent tajribasi” bo‘yicha “O‘ratepa” MFYning Tokzor ko‘chasida amalga oshirilgan namunaviy ishlar amaliy tarzda namoyish etildi. Xususan, mahalladagi tartibsiz va eskirgan gaz tarmoqlari qayta tartibga keltirilib, yagona tizimga birlashtirilgan. Iste’molchilarning gaz ta’minoti ikki bosqichli tizimga o‘tkazilib, ma’nan va texnik jihatdan eskirgan gaz taqsimlash punktlari o‘rniga zamonaviy gaz taqsimlash punktlari o‘rnatilgan. Shuningdek, gaz hisoblash uskunalari xonadonlar tashqarisiga chiqarilib, ularni nazorat qilish va texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yaxshilandi.

Seminar ishtirokchilariga mahalla nazorat balansini shakllantirish, gaz yo‘qotishlarining oldini olish, iste’mol hajmlarini aniq monitoring qilish hamda tizim samaradorligini oshirish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Bunday yondashuv gaz ta’minoti tizimining shaffofligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash va iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Yakunda mutaxassislarga o‘z hududlarida ham ushbu tajribani keng joriy etish, mahallalar kesimida nazorat balanslarini shakllantirish va tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.
A.Musayev, O‘zA