Shanxayda “yashil” energetika sohasidagi so‘nggi innovatsiyalar taqdim etildi
Yaqinda Xitoyning Shanxay shahrida “SNEC PV Power Expo 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘plab davlatlar vakillari qatorida o‘zbekistonlik soha mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Ayniqsa, “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan “NURA Solar” korxonasi vakillari uchun bu jarayon katta tajriba bo‘lib, ular quyosh energetikasi sohasidagi eng so‘nggi innovatsiyalar, yuqori samaradorlikka ega texnologiyalar va zamonaviy ishlanmalar bilan yaqindan tanishdi.
Ko‘rgazma doirasida kompaniya vakillari xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, sohadagi zamonaviy tendensiyalar, investitsiyaviy imkoniyatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. Bu esa kelgusida yangi sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish uchun muhim zamin yaratadi.
Tadbir mahalliy korxonalar uchun xalqaro tajribani o‘rganish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va soha rivojiga hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu esa mamlakatimizda “yashil” energetikani rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish hamda ekologik barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Uyushma axborot xizmati rahbari Namoz Tolipovning ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA