French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vengriyalik yozuvchi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi
20:20 / 2025-10-09

Falsafiy va hajviy romanlar muallifi, vengriyalik 71 yoshli Laslo Krasnaxorkai “apokaliptik dahshat sharoitida san’atning qudratini yana bir bor isbotlagan ishonchli va teran ijodi uchun” adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi.

Uning “Satantango” va “Qarshilik qayg‘usi” kabi bir qancha asarlari asosida mashhur rejissyor Bela Tarr filmlar suratga olgan.

Hakamlar hay’ati yozuvchining “butunlay illyuziyadan xoli bo‘lgan va ijtimoiy tartibning zaifligini ko‘ra olgan badiiy nigohi va adabiyotning kuchiga bo‘lgan qat’iy ishonchini” yuqori baholadi.

Krasnaxorkai 2015 yilda “Man Booker” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. Shuningdek, u 2019 yilda “Baron Venskimning uyga qaytishi” filmi uchun AQSHda tarjima adabiyoti bo‘yicha “Milliy kitob” mukofotini ham qo‘lga kiritgan.

Adabiyot bo‘yicha mukofot Shvetsiya akademiyasining Nobel qo‘mitasi tomonidan 117 marta, jami 121 nafar g‘olibga topshirilgan. Joriy yilning dekabr oyida mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi. 

Har bir sovrin 11 million shved kronasi (1,2 million AQSH dollariga yaqin) miqdoridagi pul mukofotini o‘z ichiga oladi, shuningdek, g‘oliblar 18 karatli oltin medal va diplom bilan taqdirlanadi.

Avvalroq, tibbiyot, fizika va kimyo yo‘nalishlarida 2025 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari haqida ma’lumot bergan edik.

O‘.Alimov, O‘zA