English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixdagi ezgu ishlar unutilmaydi (+video)
11:04 / 2024-07-19

Har qaysi davlatning o‘tmishi, tarixi va haqiqatlari bo‘lgani kabi, har bir davrning o‘z namoyandasi, yo‘lboshchisi bo‘ladi. Xalq ishonchini qozonib,  ularni bir maqsad yo‘lida jipslashtira olish,  el-yurt tashvishi va muammolari bilan yashash esa faqatgina yurtparvar yetakchigagina xos. Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan Usmon Yusupov aynan shunday shaxs edi.

Uzoq va yaqin tariximiz hamda buyuk ajdodlarimiz haqida so‘zlovchi “Moziyga qaytib...” loyihamizning navbatdagi soni davlat va jamoat arbobi Usmon Yusupov memorial uy-muzeyidan tayyorlandi.

Usmon Yusupov 1900 yil 1 mart kuni Farg‘ona viloyati Kaptarxona qishlog‘i dehqon oilasida tug‘ilgan. U yoshligidan dehqonchilik ishlarida otasiga ko‘maklashgan. 14-15 yoshida oilasi bilan Eski qovunchi, hozirgi Yangiyo‘l shahriga ko‘chib keladi. O‘n olti yoshida Usmon Yusupov sobiq Kaufman (hozirgi Yangiyo‘l) paxta tozalash zavodiga ishga kiradi. Mehnatsevarligi va to‘g‘riso‘zligi bilan jamoa e’tiborini qozonadi. Bu yerda ish o‘rganib, tajriba orttiradi. 1925-1934 yillarda u kasaba  ishida faoliyat yuritadi. Keyinchalik tarix, falsafa, matematika, geografiya, rus tili va adabiyotidan saboq oladi. 

[gallery-18314]

1937 yil Usmon Yusupov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretarligiga saylanadi. Shu asnoda u to 1954 yilgacha yurtimiz va ittifoq miqyosida eng yuqori xizmat vazifalarida ishladi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosati og‘ir  bir davrda davlatni boshqardi.

Boshqaruvining birinchi besh yilliklar davrida O‘zbekistonda suv uchun umumxalq yurishi avj oladi. Ulkan irrigatsion inshootlar qurilishi Usmon Yusupov nomi bilan bog‘liq. Uning boshchiligida 1938 yilda Farg‘ona mehnatkashlari juda qisqa vaqt –  17 kunda Log‘on kanalini barpo qiladi. Vodiy ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim ahamiyatga ega, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orishda asosiy o‘rin tutuvchi Katta Farg‘ona kanali qurilishi davrida ayniqsa, U. Yusupovning tashkilotchilik va rahbarlik qobiliyati yorqin namoyon bo‘ldi. Uzunligi 270 kilometr bo‘lgan ushbu kanal 1939 yilning yozida 45 kunda qurib bitkaziladi. Kanal 40 ming gektar yangi yerga obi hayot baxsh etdi. Shuningdek, Shimoliy va Janubiy Farg‘ona kanallari, Toshkent kanali, Kampirravot to‘g‘oni va boshqa irrigatsiya inshootlari hashar yo‘li bilan bunyod etilgan. 

Usmon Yusupov boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi ishchi-mehnatkashlari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga qahramonona mehnati bilan munosib hissa qo‘shdi. Urush davrida mamlakat g‘arbidan ko‘chirib keltirilgan korxonalarni ishga tushirish, yangilarini qurish, frontni oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlash, o‘zbekistonliklarni fashizmga qarshi kurashga safarbar qilish, urush tufayli uy-joy va boshpanasiz qolgan aholi hamda yetim qolgan bolalarga mehribonlik va insonparvarlik qilishda Usmon Yusupov bosh-qosh bo‘lgan.

1954 yildan to hayotining oxiriga qadar Usmon Yusupov O‘zbekistonda bo‘z yerlarni o‘zlashtirish, paxtazorlar va bog‘-rog‘lar yaratish sohasida samarali mehnat qildi. Mirzacho‘lni bog‘u bo‘stonga aylantirdi. 1966 yil 7 mayda Usmon Yusupov Yangiyo‘ldagi uyida vafot etadi. Katta Farg‘ona kanali, bir qancha qishloqlar tug‘ilgan joyi Kaptarxonadagi maktab, Toshkent va boshqa shaharlardagi ko‘chalar uning nomi bilan atalgan. 

Usmon Yusupov memorial uy-muzeyi 1974 yil 24 iyunda Yangiyo‘l shahri markazida  davlat arbobi yashagan manzilda tashkil etilgan. Uy-muzey Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020 yil Usmon Yusupovning 120 yilligi oldidan ta’mirlanib, ko‘rkam va obod qiyofaga keltirildi. Hovli markazida Usmon Yusupov siymosini gavdalantiruvchi byust o‘rnatildi. 

Umumiy  maydoni 8434,95 kvadrat metrdan iborat uy-muzeyida ikkita bino joylashgan. Memorial binoda Usmon Yusupovning shaxsiy buyumlari, kitoblari, kiyimlari, maishiy va etnografiya buyumlari saqlanadi. Ekspozitsiya qismida esa davlat arbobining hayoti va faoliyatini yorituvchi fotosuratlar, hujjatlar, xatlar, rasmlar, kichik haykallar, buyumlar saqlanadi. Jami eksponatlar soni 4570 tani tashkil etadi. 

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vWqSSOT0Pas" title="Tarixdagi ezgu ishlar unutilmaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Bu yerga tashrif buyuruvchilar Usmon Yusupov faoliyatidan tashqari, yaqin o‘tmish haqida ham qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishishi mumkin. 

Uy-muzeyda turli bayramlarga atab ko‘rgazmalar, maktab, kollej o‘quvchilari bilan turli mavzularda suhbat, ma’ruza va  uchrashuvlar tashkil qilinadi. Zero,  buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyati yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. 

“Moziyga qaytib...” loyihasining avvalgi sonlarida uzatilgan fotoreportajlarni qo‘yidagi  havola (https://uza.uz/uz/posts/ozada-yangi-loyiha-moziyga-qaytib_584824) (https://uza.uz/uz/posts/yunus-razhabiy-uy-muzeyidan-fotoreportazh_591857) (https://uza.uz/uz/posts/abdulla-qahhor-uy-muzeyidan-fotoreportazh_598274) orqali ko‘rishingiz mumkin.

Kamola YUSUPOVA,

Asliddin ALIJONOV (foto, video), O‘zA