Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
Ma’lumki, tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi mamlakatiqt isodiyotida strategik ahamiyatga ega yo‘nalish hisoblanadi. Tarmoq korxonalarida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, xalqaro standartlar asosida hisobotlar tayyorlash va yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali barqaror rivojlanishga erishish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Shu maqsadda vazirlik doimiy ravishda xalqaro moliya institutlari va ekspertlar bilan hamkorlikni kengaytirib bormoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova va Osiyo taraqqiyot banki vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ham shu haqda so‘z bordi.

Tadbirda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik, ekspertlar ko‘magida MSFO S1 va S2 standartlariga muvofiq, Navoiy va Olmaliq KMK korxonalarida barqaror rivojlanishga oid ma’lumotlarni e’lon qilish bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar sohada sun’iy intellekt texnologiyalaridan unumli foydalanish va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik borasida fikr almashdi.
Tomonlar fikricha, tog‘-kon sanoati va geologiya tarmog‘ida xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etish nafaqat shaffoflik va samaradorlikni ta’minlaydi, balki mamlakat iqtisodiyotida investitsion jozibadorlikni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida Osiyo taraqqiyot banki bilan olib borilayotgan hamkorlik tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida xalqaro tajriba va ilg‘or standartlarni joriy etishga, innovatsion yechimlardan samarali foydalanishga hamda korxonalarning jahon bozorida raqobatdoshligini mustahkamlashga zamin yaratishi qayd etildi.
N.Ziyodulayeva ,O‘zA