«Surxondaryo – 2030» strategiyasi loyihasi muhokama qilindi
Surxondaryo viloyati xalq deputatlari Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatni 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi loyihasi keng jamoatchilik ishtirokida muhokamaga qo‘yildi.
Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan viloyat hokimligi hamda tegishli idoralar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
«Surxondaryo — 2030» strategiyasi umummilliy «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining hududiy davomi bo‘lib, viloyat rivoji uchun 70 dan ortiq aniq maqsadni belgilab beradi. Uning avvalgi dasturlardan tub farqi — puxtaligi va shaffofligida. Har bir maqsad bo‘yicha mas’ul idoralar, ijro muddatlari, o‘lchanadigan ko‘rsatkichlar va moliyalashtirish manbalari qat’iy belgilab qo‘yilgan. Eng muhimi, maqsadlar ijrosini nafaqat viloyat aholisi, balki butun mamlakat jamoatchiligi strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali ochiq kuzatib borishi mumkin.
Sessiyada ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlar samara bermoqda. 2025-yil yakunlari bo‘yicha viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 66,2 trillion so‘mni tashkil etdi, besh yillikdagi o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati esa 106,2 foizga yetib, oldingi besh yillikka nisbatan 1,8 barobar jadallashdi.
Strategiya besh ustuvor yo‘nalishga asoslanadi, investitsion jozibadorlikni oshirish, transport infratuzilmasini yaxshilash va urbanizatsiyani jadallashtirish, turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda ishsizlik va «mutlaq kambag‘allik»ka barham berish. Hujjatda viloyatning noyob geografik joylashuvi — bir vaqtning o‘zida uch davlat, ya’ni Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaradosh yagona hudud ekanligi alohida hisobga olingan. Bu esa transport-logistika, hududlararo va transchegaraviy savdoni rivojlantirish uchun keng imkoniyat ochadi.
Belgilangan marralarning katta qismi bevosita aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan. Aholini daromadli mehnat bilan band qilish ko‘rsatkichi 8,3 mingdan 56,6 mingga oshiriladi, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 82,6 foizga yetkaziladi, har yili 10 mingdan ziyod xonadonli zamonaviy uy-joylar barpo etiladi. Termiz shahri jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinib, 185 ta yangi avtobus yo‘lga chiqariladi va marshrutlar soni 155 taga yetkaziladi. Turizm va xizmatlar sohasida mehmonxona o‘rinlari 6 mingdan 9 mingga, turizm qishloqlari soni 6 tadan 13 taga ko‘payadi — bu ham minglab yangi ish o‘rni demakdir.
Strategiya ijrosi shahar va tumanlar kesimida funksional ixtisoslashuvga asoslanadi: har bir tuman uchun uning muammolari, rivojlanish drayverlari va investitsiya loyihalari portfelini qamrab oluvchi alohida «hududiy pasport» ishlab chiqiladi. Ijro esa strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali izchil nazorat qilib boriladi.
Hududiy rivojlanish strategiyalarining muhokamasi mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham davom ettiriladi.
O‘zA