O‘zbekiston va Finlyandiya: Raqamlashtirish sohasida hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Butun dunyoda raqamlashtirish jarayonlari jadal kechayotgan bir sharoitda O‘zbekistonning Finlyandiya kabi ilg‘or tajribaga ega davlatlar bilan hamkorligi sohada yangi imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.
Shu maqsadda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Finlyandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilkka Ryaysyanen bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv avvalida IT Park Uzbekistan tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, kelgusidagi rejalar, shuningdek, IT xizmatlari eksportida erishilgan natijalar va ularni yanada oshirish masalalari haqida taqdimot qilindi.

Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Finlyandiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli ulanish siyosatini rivojlantirish, sohadagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va Yevropadagi hamkorlar – Finlyandiya, Fransiya hamda Boltiq davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, vazir Yevropa mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlar rivojlanib borayotganini qayd etdi. Yaponiya, Koreya, Xitoy va Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani, ko‘plab nufuzli xalqaro AT kompaniyalari IT Park rezidentiga aylanayotganini ta’kidladi. Vazir Yevropa mamlakatlari bilan ham shunday hamkorlikni yanada faol yo‘lga qo‘yishga katta e’tibor qaratilayotganini qo‘shimcha qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, mamlakatda yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratish, ularning AT sohasidagi imkoniyatlarini oshirish va bu orqali AT xizmatlari eksporti geografik imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shu munosabat bilan, Finlyandiya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish, investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda mazkur jarayonlarda elchixona imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan ham fikrlar almashildi.
O‘zbekiston va Finlyandiya hamkorligi nafaqat texnologik rivojlanish, balki yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratilishi va mamlakatning global raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA