“O‘zsuvta’minot” AJ: aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 83,3 foizga yetdi
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv tizimini kengaytirish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish mamlakatimizdagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar aholi turmush sifatini yaxshilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
2026-yilning yanvar-sentabr oylarida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasini rivojlantirishga qariyb 6,4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada minglab kilometr tarmoqlar barpo etildi, yangi inshootlar qurildi, yuz minglab aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
Bu haqda “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov tomonidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, hisobot davrida sohada belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2,16 trillion so‘m byudjet mablag‘lari hamda xalqaro moliya institutlarining 357,7 million dollar mablag‘lari o‘zlashtirildi.
Umuman, yil boshidan buyon 4 ming kilometr ichimlik suvi va 522 kilometr oqova suv tarmoqlari hamda 268 ta ichimlik suvi va 43 ta oqova suv inshooti qurildi.
Eng muhimi, amalga oshirilgan ishlar natijasida 207 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 1 million 600 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 8 ming 992 ta mahallaning 5 ming 343 tasi, ya’ni qariyb 59 foizi ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlangan. 3 ming 116 ta mahallada ta’minot qisman yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, 533 ta mahalla aholisi muqobil suv manbalaridan foydalanmoqda.
Aholining sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda oqova suv xizmatlarining ahamiyati katta. Shu bois bu yo‘nalishdagi infratuzilmani rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hisobot davrida 121 ming nafar aholi ilk bor oqova suv tizimiga ulandi, 61,2 ming nafar aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati yaxshilandi. Natijada mamlakat bo‘yicha aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 83,3 foizga, oqova suv xizmatlari qamrovi esa 22,1 foizga yetdi.

Investitsiya dasturi doirasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Joriy yilning yanvar-sentabr oylari uchun 21 ta loyiha bo‘yicha 337,3 million dollar o‘zlashtirish belgilangan edi. Amalda 357,7 million dollar o‘zlashtirilib, reja 106 foizga bajarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foiz ko‘pdir.
Ushbu mablag‘lar hisobiga 461,5 kilometr ichimlik suvi va 234 kilometr oqova suv tarmog‘i tortilib, 11 ta ichimlik suvi hamda 2 ta oqova suv inshooti qurildi va foydalanishga topshirildi.
Suv ta’minoti tizimining barqaror ishlashi nafaqat yangi tarmoqlar barpo etish, balki elektr energiyasidan samarali foydalanishga ham bog‘liq. Shu ma’noda, sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Joriy yilda suv ta’minoti ob’ektlariga 15 megavatt quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lsa, hisobot davrida 23 megavatt quvvatga ega panellar o‘rnatildi. Bu belgilangan rejaning 153 foizi bajarilganini anglatadi. Natijada 28,3 million kilovatt-soat elektr energiyasi iqtisod qilindi.
Ayni paytda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga ham puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Buning uchun hududlardagi 14 ta dispetcherlik xizmati, 552 ta avariya-tiklash brigadasi hamda ular tarkibidagi 2 ming 692 nafar tarmoq ustasi va chilangarning faoliyati kuchaytirilgan rejimga o‘tkazildi. Mazkur choralar suv ta’minotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish va iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan.
Sohaning barqaror faoliyati ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi, iste’molchilar bazasi va to‘lov intizomi bilan ham chambarchas bog‘liq.
Yil boshidan buyon iste’molchilarga 779 million kub metr ichimlik suvi yetkazib berildi, 390,1 million kub metr oqova suv xizmati ko‘rsatildi. Ushbu xizmatlar hajmi 3,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Iste’molchilar soni esa yil boshiga nisbatan 217,9 mingtaga yoki 4 foizga oshib, 5,46 milliontaga yetdi.
Tizimda hisob-kitoblarni aniq yuritish va suv sarfini nazorat qilish maqsadida hisoblagichlar o‘rnatish ishlari ham jadallashtirildi. Joriy yilda 305,1 mingta hisoblagich o‘rnatish belgilangan bo‘lib, hisobot davrida amalda 379,2 mingta qurilma o‘rnatildi. Bu rejaning qariyb 124 foizi bajarilganini ko‘rsatadi.
Natijada suv hisoblagichiga ega iste’molchilar soni yil boshiga nisbatan 4 foizga oshib, 4,89 milliontaga yetdi. Iste’molchilarning hisoblagichlar bilan ta’minlanganlik darajasi esa 86 foizdan 90 foizga ko‘tarildi.
To‘lov intizomini mustahkamlash, debitor qarzdorlikni kamaytirish va suvdan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘rilmoqda. Hisobot davrida qarzdorligi mavjud 23,1 mingta iste’molchining ichimlik suvi tarmog‘idan uzilishi ta’minlandi. Shuningdek, 122,2 mingta holat bo‘yicha jami 265 milliard so‘mlik qarzdorlikni undirish yuzasidan hujjatlar sud organlariga taqdim etildi.
O‘tkazilgan reydlar davomida 8,6 mingta qoidabuzarlik holati aniqlanib, ular bo‘yicha 112,7 milliard so‘mdan ortiq zarar hisoblandi.
Bugungi kunda debitor qarzdorlik 556,9 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Uning 432 milliard so‘mi aholi, 124,9 milliard so‘mi yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Umuman, to‘qqiz oylik natijalar sohada infratuzilmani kengaytirish, xizmatlar qamrovini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va moliyaviy intizomni mustahkamlash ishlari izchil olib borilayotganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, qamrov darajasini oshirish hamda mavjud muammolarni bosqichma-bosqich hal etish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Zero, suv – hayot manbai. Uning har bir tomchisini asrash, resurslardan oqilona foydalanish va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun o‘z vaqtida haq to‘lash nafaqat soha tashkilotlari, balki har bir iste’molchining ham mas’uliyatidir. Suvning qadriga yetish va uni tejash madaniyatini shakllantirish barqaror suv ta’minotining muhim shartlaridan biridir.
Nilufar Bozorova, O‘zA