Ekologik mavzularning yoritilishi qoniqarlimi? (+video)
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va Barqaror rivojlanish markazi hamkorligidagi “Maqsad” loyihasining bu galgi sonida ekologik muammolarning ommaviy axborot vositalarida yoritilishi mavzusi haqida to‘xtaldik. «Barqaror rivojlanish maqsadlari” oyligi doirasida tashkil etilgan suhbatimizda filologiya fanlari doktori, professor, "Ekolog" jamoat birlashmasi rahbari hamda ekologuz telegram kanali va platformasi asoschisi, ekojurnalist Nargis Qosimova mehmon bo‘ldi.
— Bugun ekologik muammolar ko‘lami kengayib borayotgan bir paytda ekologik jurnalistikaning jamiyatdagi o‘rni qanday bo‘lishi kerak, asosiy vazifasi nimadan iborat?
— Jamiyat uchun ekojurnalistika juda muhim. Chunki qanday ekologik muammolar mavjud, ular nimasi bilan xavfli, ularga qanday yechim topish kerak — mana shu kabi savollarga javob topishda ekologik jurnalistika muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda 20 dan ortiq jurnalistika fakultetlari bor. Afsuski, barcha jurnalistika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, fakultetlarda ham ekojurnalistika yo‘nalishi mavjud emas. Faqat Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetiga kiritilgan, xolos.
Bu qanday oqibatlarga olib keladi? Ertaga jurnalist biror joyda daraxt kesilayotgani, suv ifloslantirilayotgani yoki biror bir hayvonni qiynoqqa solishayotgani haqida material tayyorlashi kerak bo‘lsa, u ekologik muammoni tushunmay turib materialni tayyorlaydi. Lekin, bu materialning sifati qay darajada bo‘ladi — bu ikkinchi masala bo‘lib qoladi. Afsuski, mana shunaqa yuzaki, chuqur tahlil qilinmagan ekomateriallar ko‘payib ketyapti.
— Yurtimizda ekologik mavzularning OAVda yoritilish holati qay darajada?
— Ekologik mavzularning yoritilishini agar o‘n ballik tizimda oladigan bo‘lsak, uch ball qo‘ygan bo‘lardim. Chunki ekojurnalist sifatida fikrimcha, har qanday ekologik material aholining, o‘quvchining ongini o‘zgartirishi kerak.
— Mamlakatimizda qaysi ekologik muammolar OAVda yetarlicha yoritilmayapti? Ekologik muammolarni yoritishda OAV ko‘proq muammoni ko‘rsatishi kerakmi yoki yechimlarni?
— Oxirgi paytlarda global iqlim o‘zgarishi muammosi juda ko‘p ko‘tarilyapti. Lekin ko‘pchilik global iqlim o‘zgarishi nimaligini, uning oqibatlarini tushunmaydi, mohiyatini chuqur anglab yetmayapti. Yoki iqlim migratsiyasi degan tushuncha paydo bo‘ldi. Bular borasida yetarlicha tahlillar yo‘q.
Jurnalist muammoni olib chiqadi, u xalq bilan hukumatning o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi. Muammolarni olib chiqish bilan birga, yechimini ham, albatta, berishi kerak. Faqat bunda yechimni jurnalistlarning o‘zi emas, soha bo‘yicha mutaxassis, ekolog berishi kerak, deb o‘ylayman. Shunda hozirgi mavjud ekologik muammolarning ko‘pchiligi bartaraf etilgan bo‘lar edi.
Ekojurnalist bilan suhbatimiz davomida ekologik muammolarni yoritishda jurnalistlar qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani, ekologik feyklarni aniqlash, faktcheking qilish, aholining ekologik ongini shakllantirishda OAVning qaysi formatlari eng samarali ekani, ekologik jurnalistikani rivojlantirish uchun nimalar qilish kerakligi kabi ko‘plab dolzarb ahamiyatli masalalar xususida so‘z bordi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xwZ7afL7DNY" title="Ekologik mavzularning yoritilishi qoniqarlimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Oybek Davronov, Anvar Ahmedov (video),
O‘zA