Farg‘onada belbog‘li kurash bo‘yicha jahon va Osiyo chempionati yakunlandi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasi besh kun davomida belbog‘li kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati hamda kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi.
Nufuzli musobaqada yurtimiz sportchilari bilan bir qatorda Hindiston, Eron, Indoneziya, Turkiya, Latviya, Rossiya, Misr, Mo‘g‘uliston, Polsha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi 30 ga yaqin davlatning eng kuchli polvonlari ishtirok etdi.
Chempionatning dastlabki uch kuni o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslariga bag‘ishlangan bo‘lsa, keyingi kunlarda kattalar o‘rtasida Osiyo chempionlari aniqlandi.
[gallery-29946]
Jahon chempionati yakunlariga ko‘ra, yurtimiz vakillari medallar jamg‘arish bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Sportchilarimiz bir necha bor davlatimiz madhiyasining yangrashiga sababchi bo‘ldi.
Osiyo chempionati ham murosasiz va qiziqarli bahslarga boy tarzda kechdi. Erkaklar 8 ta, ayollar esa 5 ta vazn toifasida chempionlik uchun kurash olib bordi. Musobaqa davomida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston polvonlari yuqori mahorat namoyish etib, muxlislar va mutaxassislar e’tiborini qozondi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Osiyo chempionatida ham O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qirg‘iziston vakillari ikkinchi, Turkmaniston sportchilari esa uchinchi o‘rindan joy oldi.
Chempionatni yuqori saviyada tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Butunjahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi, Farg‘ona viloyati sport boshqarmasi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligi muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekona mehmondo‘stlik, milliy qadriyatlar va musobaqaga puxta tayyorgarlik xorijlik ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
– Biz Turkmanistondan keldik, - deydi turkmanistonlik murabbiy Nurali Lo‘luqov. – Farg‘onada jahon va Osiyo chempionatini yuqori darajada o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldik. Sportchilarimiz munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi va umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan o‘rin oldi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom hamda medallar bilan taqdirlandi.
Farg‘ona mezbonlik qilgan jahon va Osiyo chempionati xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, belbog‘li kurash sport turini ommalashtirish va yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA