Janubiy Koreya sobiq prezidenti va mudofaa vaziri 30 yilga qamaldi
Janubiy Koreyaning sobiq rahbari Shimoliy Koreyaga dron uchirib, mamlakatda sun’iy inqiroz keltirib chiqarishga uringani uchun 30 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Seul markaziy sudi Yun Sok Yolni KXDR hududiga uchuvchisiz uchoqlarni noqonuniy yuborish ishi bo‘yicha aybdor deb topdi va shunday hukm chiqardi. Bu haqda “Yonhap” axborot agentligi ma’lum qildi. Sud jarayonida aniqlanishicha, sobiq prezident 2024-yil KXDR hududiga dron uchirish bo‘yicha maxsus amaliyot uyushtirgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yarim oroldagi siyosiy va harbiy vaziyatni ataylab keskinlashtirish hamda mamlakat ichkarisida harbiy holat joriy etish uchun bahona topish bo‘lgan.
Mazkur jinoiy ish doirasida nafaqat davlat rahbari, balki sobiq mudofaa vaziri Kim Yong-Xyun ham aybdor deb topilib, unga ham 30 yillik qamoq jazosi tayinlandi. Sud rasmiy xulosasida ta’kidlanishicha, rasmiy shaxslar shimol tomondan javob zarbasi va harbiy harakat qo‘zg‘atish maqsadida vakolati hamda harbiy kuchdan g‘arazli yo‘lda foydalangan. Qayd etish joiz, bu sobiq prezidentga nisbatan e’lon qilingan birinchi yirik hukm emas. Avvalroq Yun Sok Yol 2024-yil dekabr oyida mamlakatda davlat to‘ntarishi va harbiy holat e’lon qilish orqali isyon ko‘tarishda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA