Yaqin Sharqni o‘zgartirgan urush boshlanganiga bir yil to‘ldi
2025-yil 13-iyun kechasi Isroil Eronning asosiy yadroviy va harbiy infratuzilma ob’ektlariga zarba berib, keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi mojaro tarixida Isroilning Eron tuprog‘iga qilgan eng yirik to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumi sifatida tarixda qoladi.
Isroil manbalariga ko‘ra, amaliyotda taxminan 200 jangovar samolyot ishtirok etgan va Eron bo‘ylab 100 dan ortiq nishon ko‘zlangan. Hujum yadro dasturi, ballistik raketa ishlab chiqarish, havo mudofaasi tizimi va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIKQ) qo‘mondonlik markazlari bilan bog‘liq ob’ektlarga qaratilgan.

Asosiy manzillar orasida Natanz yadro markazi, Isfahondagi uranni qayta ishlash zavodi va Tehron yadro infratuzilmasining boshqa inshootlari bor edi. Shuningdek, yer ostidagi eng xavfsiz uran boyitiladigan joy, Fordo mintaqasiga ham hujum uyushtirilgan. Isroil Eron yadro dasturi bilan bog‘liq yuqori martabali harbiy qo‘mondonlar va mutaxassislarni ham ta’qib qildi. Tehron va boshqa shaharlarda ko‘plab portlashlar kuzatildi. O‘z navbatida Eron rasmiylari qasos choralari boshlanganini e’lon qildi.
Ma’lumki, Isroil bu amaliyotni Islom Respublikasi yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish zarurati bilan bog‘ladi. Ta’kidlash joiz, havo zarbalari Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Tehronni yadro qurolini tarqatmaslik majburiyatini buzganlikda ayblaganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.

Isroil hujumi boshlanganda Vashington dastlabki hujumlarga aloqadorligini inkor etib keldi, xalqaro jamoatchilik esa AQSH keyingi voqealarda muhim rol o‘ynaganiga guvoh bo‘ldi. Avvaliga Amerika kuchlari Isroilga qarshi yo‘naltirilgan Eron raketa va dronlarini qaytarish, razvedka yordami ko‘rsatish va mintaqadagi ittifoqchilar harakatini muvofiqlashtirishda ishtirok etdi. Keyinchali urushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashdi va Fordo, Natanz va Isfahondagi Eron yadroviy inshootlariga zarba yo‘lladi.
Prezident Donald Tramp amaliyotdan ko‘zlangan maqsad Tehronni yadroviy qurol ishlab chiqarish imkoniyatidan mahrum qilish ekanini aytib keladi. Shunga qaramay, aynan Vashington aralashuvi urushning keyingi yo‘nalishini belgilab berdi va 12 kunlik jangdan so‘ng tomonlarni sulhga olib kelgan omillardan biri bo‘ldi.

Isroil va Eron o‘rtasidagi zarba almashinuvi shubhasiz ikki mamlakat o‘rtasidagi eng jiddiy bevosita harbiy to‘qnashuv sifatida baholandi. Bundan avval ikki davlat o‘rtasida bu qadar keng ko‘lamli, ochiqdan ochiq to‘qnashuv bo‘lmagan edi. Shu bois, mazkur to‘qnashuv o‘nlab yillar davom etgan o‘zaro “soyadagi urushi”ning ochiq bosqichga kirgan payti sifatida tarixga kirdi. Qolaversa, har ikki tomon berayotgan havo zarbalari Isroilning ham Eronning ham eng muhim yadroviy, raketa va harbiy infratuzilmasini qamrab oldi. AQSHning Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan joylashgan harbiy bazalariga ham Eron raketalari yetib bordi.
Xullas, mojaro Yaqin Sharq qiyofasini keskin o‘zgartirib, butun mintaqa va global energiya bozoriga ta’sir ko‘rsatdi. Ayni payt dunyo bozorida neft va gaz tanqisligi yuz bermoqda. “Qora oltin” deya ta’riflanadigan neft endi importchi mamlakatlar uchun asl qiymatini ko‘rsatmoqda.
S.Rahimov, O‘zA