Qirg‘iziston ilk bor BMT Xavfsizlik kengashi a’zoligiga saylandi
BMT Bosh Assambleyasida bo‘lib o‘tgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, Qirg‘iziston o‘z tarixida birinchi marta tashkilotning Xavfsizlik kengashi tarkibiga kirdi.
Markaziy Osiyo mintaqasi vakili 2027–2028-yillar davomida kengashning doimiy bo‘lmagan a’zosi sifatida faoliyat yuritadi. Ta’kidlash joizki, ushbu mintaqa mamlakatlari qariyb o‘n yildan buyon Xavfsizlik kengashida vakillikka ega emas edi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlariga ajratilgan yagona o‘rin uchun kechgan bahsning to‘rtinchi turida Qirg‘iziston 142 ta ovoz to‘plab, o‘z raqibi bo‘lgan Filippinni ortda qoldirdi.
Kengashga saylanish uchun da’vogar mamlakatlar BMTga a’zo davlatlarning kamida uchdan ikki qismi, ya’ni 127 ta ovozni qo‘lga kiritishi shart edi. Shuningdek, bo‘lib o‘tgan saylovlarda G‘arbiy Yevropa guruhidan Avstriya va Portugaliya, Lotin Amerikasi hamda Karib havzasi davlatlaridan Trinidad va Tobago, Afrika qit’asidan esa Zimbabve ham Xavfsizlik kengashi tarkibiga saylandi.
Ma’lumot uchun, BMT Xavfsizlik kengashi jami 15 ta davlatdan iborat. Ulardan 5 tasi Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya veto huquqiga ega bo‘lgan doimiy a’zolar hisoblanadi. Qolgan 10 ta a’zo esa ikki yil muddatga saylanib boradi. Joriy 2026-yil yakunida amaldagi beshta doimiy bo‘lmagan a’zo Gretsiya, Daniya, Pokiston, Panama va Somalining vakolat muddati tugaydi va ularning o‘rnini yangi saylangan davlatlar egallaydi.
Xavfsizlik kengashi dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun bevosita mas’ul tuzilma bo‘lib, zarurat tug‘ilganda xalqaro xavfsizlikni tiklash maqsadida turli sanksiyalar joriy etish yoki kuch ishlatishga ruxsat berish vakolatiga ega hisoblanadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA