Rossiya bo‘ylab rekord darajadagi dronlar hujumi: Sankt-Peterburg va 7 ta viloyat nishonga olindi
6-iyun tongida Rossiya hududi dron hujumiga uchradi. Sankt-Peterburg va boshqa qator viloyatlarda havo mudofaasi faollashib, yuzlab dron urib tushirildi.
Shimoliy poytaxt Sankt-Peterburg shahrida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgani haqida shahar gubernatori Aleksandr Beglov rasmiy ma’lumot tarqatdi.
Beglovning ta’kidlashicha, hujum vaqti xavfsizlikni ta’minlash maqsadida barcha tezkor choralar ko‘rilgan. Rasmiylar mahalliy aholini ogohlikka chaqirib, xavfsizlik choralari doirasida hududda mobil internet faoliyatida vaqtinchalik cheklov va uzilishlar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Leningrad viloyati gubernatori Aldeksandr Drozdenkoning ma’lum qilishicha, birgina ushbu viloyat osmonida havo mudofaa kuchlari tomonidan 86 ta dron urib tushirilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa mamlakat miqyosida hujum ko‘lami yirik bo‘lganini qayd etdi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, RFning turli hududida jami 376 ta dron yo‘q qilingan. Zarbalar Belgorod, Bryansk, Kaluga, Kursk, Novgorod, Oryol va Pskov viloyatlarida qayd etildi.
Havo hujumi aksariyat hududlarda qaytarilgan bo‘lsa-da, Ukraina Qurolli Kuchlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaradosh bo‘lgan Belgorod viloyatiga qilgan hujumi talafotsiz kechmadi. To‘qnashuv va portlashlar oqibatida ushbu viloyatda bir nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi, yana bir kishi esa og‘ir jarohat oldi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA