O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi AQSHdagi vatandoshlarga muhim murojaat bilan chiqdi
AQSHdagi o‘zbek diasporasining ijobiy imiji xavf ostida. Nyu-Yorkdagi O‘zbekiston Bosh konsulligi yurtdoshlarimizni mahalliy qonunlarga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashab, mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklarga murojaat yo‘llab, mahalliy qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish hamda jamoat tartibini hurmat qilish zarurligini eslatib o‘tdi.
Diplomatik vakolatxona qayd etishicha, keyingi paytda ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarliklar matbuotda va ijtimoiy tarmoqda keng muhokama qilinmoqda. Konsullik bu kabi noxush holat, avvalo, qonunni buzgan shaxsning o‘zi uchun huquqiy muammo keltirib chiqarishini, shu bilan birga, AQSHdagi butun o‘zbek jamiyati (diasporasi)ning ijobiy imijiga ham soya solishini alohida ta’kidlagan.
Shuningdek, murojaatda Okean ortida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarning aksariyati halol mehnat, tadbirkorlik yoki ilm bilan shug‘ullanib, vatanimiz dovrug‘ini munosib ravishda yuqori ko‘tarib kelayotgani e’tirof etilgan.
Ayniqsa, yirik xalqaro anjuman va nufuzli sport musobaqalari o‘tkazilayotgan davrda xorijlik mehmonlar va mahalliy OAV e’tibori yanada kuchayishi sababli, har bir fuqaroning xatti-harakati va o‘zini tutishi alohida ahamiyat kasb etishi aytib o‘tilgan. Bosh konsullik o‘z vakolati doirasida yurtdoshlarimizga har qanday huquqiy va konsullik yordami ko‘rsatishga doimo tayyorligini bildirgan. Shu bilan birga, barcha vatandoshlarni yanada mas’uliyatli bo‘lishga, mahalliy qonunlarga amal qilishga hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya harakatlardan uzoq yurishga chaqirdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA