Ruminiyada germaniyalik shaxmatchini mag‘lub etgan Sindorov van Forestga qarshi dona suradi
Bugun, 22-may kuni Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida 10 nafar eng mahoratli grossmeyster ishtirokida o‘tayotgan “Superbet Chess Classic Romania 2026" xalqaro turnirining 8-turida Javohir Sindorov qora donalarda Jorden van Forest bilan kuch sinashadi.
Mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollaridan iborat nufuzli turnirning 7-turida "Nomzodlar turniri" g‘olibi Javohir Sindorov oq donalarda germaniyalik Vinsent Keymerni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.

Yettinchi turda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha oq donalarda amerikalik Fabiano Karuanaga imkoniyatni boy berdi. Qolgan ikkita partiyada durang natija qayd etildi. Fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav ruminiyalik Bogdan-Daniel Dik bilan, niderlandiyalik Anish Giri AQSH vakili Uesli So bilan durang o‘ynadi.

7-turdan keyin uch nafar shaxmatchi 4,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. Fabiano Karuana qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, birinchi o‘rindan joy olgan. Keymer ikkinchi, Forest uchinchi pog‘onada bormoqda.

Javohir kechagi muhim g‘alabasi evaziga ochkolarini 3,5 taga yetkazib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 5-o‘ringa ko‘tarildi. Anish Giri 4 ochko bilan 4-o‘rinda bormoqda. Uesli So, Maksim Vashe-Lagrav va Rameshbabu Praggnanandha hisobida ham 3,5 ochko bor. Bogdan-Daniel Dik 2,5 ochko bilan 9-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, turnirni muddatidan avval tark etgan Alireza Firuzdja 1 ochko bilan musobaqani 10-o‘rinda yakunladi.
Bugungi bahsda Sindorov van Forestni mag‘lub etsa sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik yo‘lidagi kurashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat turnirning oxirgi uchrashuvida Sindorov oq donalarda Uesli So bilan bellashadi.
Turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 ming, 2-o‘rin sohibi 65 ming, 3-o‘rin 50 ming, 4-o‘rin 35 ming, 5-o‘rin 25 ming, 6-o‘rin 20 ming, 7-o‘rin 18 ming, 8-o‘rin 15 ming, 9-o‘rin 12 ming va oxirgi 10-o‘rindan joy olgan ishtirokchi 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA