“Jahon chempionati – 2026”: “E” guruhida Germaniya yaqqol favorit
Xabaringiz bor, joriy yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga AQSH, Kanada va Meksika davlatlari mezbonlik qiladi. Dunyo futbol ixlosmandlari to‘rt yildan buyon kutayotgan mundialda ilk bor dunyoning 48 ta terma jamoasi ishtirok etadi. Biz an’anamizga muvofiq, mundialga yo‘l olgan jamoalarning saralash bosqichlaridagi ishtirokini yodga olamiz.
Bu gal e’tiborimiz “E” guruhi ishtirokchilari — Germaniya, Kyurasao, Kot-d’Ivuar, Ekvador terma jamoalariga qaratildi.
Avvalo, guruh yetakchisi sifatida e’tirof etilayotgan, futbol olamida “Nemis mashinasi” deya nom qozongan Germaniya terma jamoasi haqida to‘xtalamiz. Ushbu jamoa Yevropa qit’asi saralash bosqichining “A” guruhida Slovakiya, Shimoliy Irlandiya hamda Lyuksemburg terma jamoalariga qarshi bahs olib bordi. Olti uchrashuvda 15 ochko jamg‘argan germaniyaliklar guruhda birinchi o‘rinni egallab, o‘z tarixida 21-marotaba Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Mundiallar tarixida jami 4-martadan oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan Germaniya bu yilgi chempionatda ham asosiy favoritlardan biri sifatida qaralmoqda. Muxlislar esa jamoaning 2014-yildan buyon intiqlik bilan kutilayotgan navbatdagi jahon kubogini qo‘lga kiritishidan umidvor. Biroq, bu galgi mundial avvalgilaridan farqli kechishi, raqobat esa har qachongidan ham keskin bo‘lishi kutilmoqda.
Ekvador terma jamoasi KONMEBOL tomonidan tashkil etilgan mintaqaviy saralash bosqichida ishtirok etdi. Ushbu saralash bahslari 2023-yil 7-sentabrdan 2025-yil 9-sentabrga qadar davom etdi. Jamoalar 18 tur davomida Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi. Yakunda Ekvador 29 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rin sohibi sifatida mundialga yo‘l oldi. Darvoqe, bu ular uchun tarixdagi beshinchi Jahon chempionati bo‘ladi.
Guruhning yana bir kuchli jamoalaridan biri Kot-d’Ivuar Afrika qit’asi saralash bosqichining “F” guruhida ishtirok etdi. 2023-yilda start olgan saralash bahslarida kot-d’ivuarliklar 10 uchrashuvda 8 g‘alaba va 2 durang qayd etib, 26 ochko bilan o‘z tarixida to‘rtinchi marta Jahon chempionati yo‘llanmasini naqd qildi.

Mazkur guruhdan o‘rin olgan Kyurasao terma jamoasi esa KONKAKAF saralashining ikkinchi bosqichidan ishtirokini boshladi. Jamoa “C” guruhida 12 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi hamda o‘z tarixida ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, “E” guruhidan o‘rin olgan har bir jamoa mundialga o‘ziga xos va mashaqqatli saralash yo‘lini bosib o‘tgan holda yetib keldi. Germaniya o‘zining boy tajribasi va chempionlik an’analari bilan ajralib tursa, Ekvador barqaror o‘yini orqali yana bir bor Janubiy Amerika futboli salohiyatini namoyon etdi. Kot-d’Ivuar Afrika futbolidagi kuchli raqobat sharoitida o‘z imkoniyatlarini isbotlagan bo‘lsa, Kyurasao esa tarixiy natija qayd etib, ilk bor Jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi.

Shu sababli ham mazkur guruhdagi bahslar nafaqat muxlislar, balki futbol mutaxassislari diqqat-markazida bo‘ladi. Turli qit’a va futbol maktablariga mansub jamoalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar esa “Jahon chempionati – 2026”ning eng qiziqarli uchrashuvlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, “E” guruhidan o‘rin olgan jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlar 14–25-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi:
14-iyun: Germaniya — Kyurasao
Stadion: “NRG Stadium”
14-iyun: Kot-d’Ivuar — Ekvador
Stadion: “Lincoln Financial Field”
20-iyun: Germaniya — Kot-d’Ivuar
Stadion: “BMO Field”
20-iyun: Ekvador — Kyurasao
Stadion: “Arrowhead Stadium”
25-iyun: Kyurasao — Kot-d’Ivuar
Stadion: “Lincoln Financial Field”
25-iyun: Ekvador — Germaniya
Stadion: “MetLife Stadium”
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA