“Talabalar ligasi”: Badminton va stol tennisi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi
Farg‘ona davlat universitetida talabalar sportini rivojlantirish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi yirik tadbir - “Talabalar ligasi” respublika sport musobaqalarining badminton va stol tennisi turlari bo‘yicha final bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, stol tennisi yo‘nalishida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti vakillari barqaror o‘yin namoyish etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Urganch davlat universiteti jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinlar Farg‘ona davlat universiteti hamda Buxoro davlat universiteti jamoalariga tegishli bo‘ldi.

Badminton bahslarida ham keskin va murosasiz kurashlar kuzatildi. Unda yana O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoasi ustunlik qilib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Andijon davlat pedagogika instituti, uchinchi o‘rin esa Namangan davlat pedagogika instituti jamoalariga nasib etdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan munosib taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA