Senat Raisi: O‘zbekiston BRMga erishishda eng katta ijobiy o‘zgarish qilgan beshta davlatdan biridir
Senat yalpi majlisida bugungi murakkab davrda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash har bir mamlakat oldidagi eng ustuvor vazifa ekaniga e’tibor qaratildi.
– Qiyinchilik va murakkabliklarga qaramay Prezidentimiz boshchiligida Yangi O‘zbekiston islohotlari izchil davom etayotir, — dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Davlatimiz rahbari huzurida birinchi chorak yakunlariga bag‘ishlangan muhokamada mazkur natijalar salmog‘i aniq raqamlar, ko‘rsatkichlar misolida keltirib berildi. Ijobiy o‘zgarishlar, ayniqsa, viloyatlarimiz rivojida yaqqol namoyon bo‘layotganini hududlar palatasi sifatida alohida e’tirof etishimiz kerak.

Birgina Farg‘ona viloyatida 8,2 milliard dollar investitsiya hisobiga 8 ming zamonaviy quvvat ishga tushirilgan. 13,5 ming kichik va o‘rta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra oshgan. Ishsizlik 4,6 foizga, kambag‘allik darajasi esa 5,2 foizga tushgan.
Ijtimoiy davlat tamoyiliga hamohang tarzda hududda keyingi o‘n yilda 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha va 3 ming o‘rinli shifoxonalar ishga tushirilgan. Uy-joy dasturi doirasida ko‘plab aholi maskanlari, jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilib, minglab oilalar yangi uyli bo‘lgan.

Keng ko‘lamda olganda esa aynan davlatimiz rahbari boshchiligida kechayotgan transformatsiya jarayonlari natijasida keyingi yillarda milliy iqtisodiyotimiz qariyb uch barobarga o‘sdi.
Har bir oila, har bir inson hayotini yaxshilashga ustuvor e’tibor qaratilgani bois kambag‘allik darajasi 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga pasaydi.
– Mamlakatimiz keyingi o‘n yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishda eng katta ijobiy o‘zgarish qilgan beshta davlatdan biri bo‘ldi. Islohotlarni izchil davom ettirish orqali yaqin besh yilda daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish hamda kambag‘allikka to‘liq barham berish maqsad qilingan. Buning uchun barcha imkoniyatlarimiz bor va ular to‘liq safarbar etilgan, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA