O‘zbekiston va Xitoy ichki ishlar idoralari xavfsizlik, jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytiradi
Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov hamda Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, kadrlar malakasini oshirish va sohada o‘zaro tajriba almashish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar idoralararo aloqalarni yanada mustahkamlash, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi, uyushgan jinoyatchilik hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish, kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika yo‘nalishida tajriba almashishni tashkil etish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.

Shuningdek, amaliy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari va erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi o‘rtasida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda yuqorida qayd etilgan ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA