Alisher Qodirov: “Tadbirkorlarga foto va videoradarlarni o‘rnatish huquqi berilgani o‘zini oqlamadi"
Bugungi kunda avtomobil yo‘llaridagi yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalarni moliyalashtirish, foto va video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi va natijadorligi qanday bo‘lyapti?
Sun’iy yo‘l notekisliklarini o‘rnatishda belgilangan me’yor va standartlarga rioya etilyaptimi? Yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz va erkin harakatiga to‘sqinlik qiluvchi noqonuniy sun’iy to‘siqlar hamda boshqa turdagi qurilmalarni o‘rnatish holatlari bo‘yicha qanday qonunbuzilishlar aniqlangan?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan shu kabi masalalarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Ichki ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborilgan edi. Bugungi majlisda ushbu so‘rovga kelgan javob ko‘rib chiqildi
— Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2022-2025-yilda o‘zida yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun 978,3 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan, — dedi deputat Dilbar Mamajonova. — Ushbu davr mobaynida 78 ming 844 ta yangi yo‘l belgilari o‘rnatilib, 49 ming 380 ta yo‘l belgilari yangisiga almashtirilgan. 1 ming 81 ta svetofor ob’ekti yangidan qurilgan. Shuningdek, 20 mln. 728 ming kv.m yo‘l yotiq chiziqlari chizilgan.
Hozirgi kunda respublikamiz bo‘yicha 5 ming 425 ta foto va video qayd etish texnika vositalari o‘rnatilgan. Bunda yo‘l-transport hodisalari kunlik, haftalik, oylik, choraklik, yillik gorizontal va vertikal shakldagi tahlillar asosida, shuningdek, harakat intensivligi, yo‘l infratuzilmasi holati, piyodalar va transport oqimi yuqori bo‘lgan hududlar o‘rganilgan holda, aholi murojaatlari hamda mutasaddi tashkilotlarning xulosalari kabi omillar inobatga olingan. Natijada joriy yilning to‘rt oyida yo‘l-transport hodisalari 17,7 foizga kamayishiga erishilgan.
Yo‘llar va ko‘chalarga o‘zboshimchalik bilan asossiz o‘rnatilgan yo‘l belgilari hamda sun’iy notekisliklarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov natijalari bo‘yicha 132 ta harakatni cheklovchi yo‘l belgilari hamda 202 ta to‘xtash va to‘xtab turish haqidagi yo‘l belgilari ham olib tashlangan. Yo‘llarda noqonuniy o‘rnatilgan jami 203 ta turli to‘siqlar hamda 308 ta sun’iy notekisliklar bartaraf etilgan.

Muhokamalarda O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov foto va videoradarlarni o‘rnatishda tadbirkorlar bilan hamkorlik masalasiga e’tibor qaratdi:
— Foto va videoradarlarni o‘rnatishdan asosiy maqsad daromad topish emas, balki yo‘l harakatini tartibga solish bo‘lishi kerak. Vazirga parlament so‘rovini yuborgan vaqtimizda foto va videoradarlarni o‘rnatishda tadbirkorlar bilan hamkorlik qay darajada o‘zini oqlayapti, degan masalani qo‘ygan edik. Ammo Ichki ishlar vazirligining javobida tadbirkorlar bilan hamkorlik natijasida “falon” miqdordagi mablag‘ byudjetga undirilyapti, degan yondashuv mavjud. Aslida bu ishga bunday yondashmaslik kerak, deb o‘ylaymiz. Asosiy maqsad pul undirish emas, yo‘l transport hodisalarining oldini olish, tartibni saqlash bo‘lishi kerak. Tadbirkorlarga foto va videoradarlarni o‘rnatish huquqi berilgani, bizningcha, o‘zini oqlamadi. Buning orqasidan juda ko‘plab haydovchilar e’tiroz bildiryapti. Yo‘lda tezlikni tekshirish, radarlarni o‘rnatish masalasi Ichki ishlar vazirligi vakolatida bo‘lishi kerak, — dedi Alisher Qodirov.
Muhokamalarda o‘rtaga tashlangan shu kabi savollar hamda saylovchilar bilan uchrashuvlar davomida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha alohida qo‘mita eshituvi tashkil etilishi aytib o‘tildi. Vazir javobi bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA