Dunyo sayyohlariga tavsiya etilgan manzillar orasida Toshkent ham bor
Toshkent va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Condé Nast Traveler tomonidan iyun oyida sayohat qilish uchun eng yaxshi yo‘nalishlar qatoriga kiritildi
Dunyo miqyosida sayohat va madaniyat mavzularini yorituvchi nufuzli nashrlardan biri bo‘lgan Condé Nast Traveler O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri hamda mamlakatda barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini iyun oyida tashrif buyurish tavsiya etiladigan eng yaxshi manzillar qatoriga kiritdi. Jurnalning “The Best Places to Visit in June, From Route 66 to Uzbekistan” nomli materialida ushbu yo‘nalishlar jahon bo‘ylab sayohatchilar uchun e’tiborga molik madaniy va tarixiy makonlar sifatida qayd etilgan.
Nashrda ta’kidlanganidek, Toshkent Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharlardan biri bo‘lib, uning tarixiy taraqqiyoti davomida turli sivilizatsiyalar ta’siri muhim o‘rin tutgan. Buyuk Ipak yo‘li davridan boshlab arab sulolalari davri va keyingi tarixiy bosqichlargacha bo‘lgan madaniy ta’sirlar shaharning bugungi arxitekturasida ham o‘z aksini topgan. Shu bois poytaxtda Ipak yo‘li davri yodgorliklarining mashhur ko‘k gumbazlari bilan bir qatorda sovet modernizmiga xos ifodali me’moriy shakllar ham yonma-yon mavjud bo‘lib, shahar qiyofasida tarixiy qatlamlarning uyg‘unligini namoyon etadi.
Condé Nast Traveler nashri maqolasida, ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga alohida e’tibor qaratilgan. Mualliflar ushbu yirik madaniy-ma’rifiy majmua islom madaniyati, ilm-fan va ma’naviy meros tarixi bilan bog‘liq boy ma’lumotlarni qamrab oluvchi muzey, ko‘rgazma va ta’lim maydonlarini o‘z ichiga olishini ta’kidlaydi. Nashr fikricha, mazkur markazning barpo etilishi O‘zbekistonning jahon madaniy sahnasidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus hisoblanadi.
Shu bilan birga, maqolada Toshkentda zamonaviy madaniy muhitning faol rivojlanayotgani ham alohida qayd etilgan. Xususan, poytaxtda Zamonaviy san’at markazining ochilishi hamda shaharning tarixiy mahallalarida xalqaro badiiy rezidensiyalarning paydo bo‘layotgani madaniy hayotning yanada jonlanayotganidan dalolat sifatida ko‘rsatilgan.
Toshkent shahri va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Condé Nast Traveler tomonidan tavsiya etilgan sayohat yo‘nalishlari qatoriga kiritilishi ushbu majmua haqidagi ma’lumotlar dunyodagi qator nufuzli nashrlarda ham e’lon qilingani bilan yanada ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Smithsonian Magazine, BBC Travel, BBC History va National Geographic kabi xalqaro ommaviy axborot vositalarida ham mazkur markaz haqidagi materiallar chop etilgan.
Bunday e’tiroflar O‘zbekistondagi Islom sivilitsiyasi markazini jahon miqyosidagi yirik muzey tashabbuslari bilan bir qatorda ko‘rsatmoqda. Ular qatorida Los-Anjeles shahridagi Lucas Museum of Narrative Art, Vashingtondagi National Geographic Museum of Exploration hamda Londondagi London Museum kabi muassasalar tilga olinadi.
Toshkent va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro nashr tomonidan iyun oyida sayohat qilish uchun tavsiya etilgan yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritilishi jahon hamjamiyatining mamlakat madaniy merosiga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim madaniy va turistik markaz sifatidagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Condé Nast Traveler sayohat va madaniyat sohasidagi eng ta’sirli xalqaro nashrlardan biri hisoblanadi. U 1987-yilda AQSHda tashkil etilgan bo‘lib, Condé Nast media xoldingi tarkibiga kiradi. Mazkur xolding shuningdek Vogue, The New Yorker va GQ kabi mashhur jurnallarni ham nashr etadi. Condé Nast Traveler jurnali oylik hisobda 16 milliondan ortiq global o‘quvchilar auditoriyasiga ega bo‘lib, jahon turizm industriyasi uchun muhim yo‘naltiruvchi manbalardan biri sifatida tan olingan. Nashr xalqaro sayohat va madaniy turizm sohasida kun tartibini shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Toshkent shahri va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Condé Nast Traveler nashri tomonidan iyun oyida sayohat qilish uchun eng yaxshi manzillar qatoriga kiritilishi mamlakatning boy tarixiy va madaniy merosiga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Bu e’tirof nafaqat Toshkentning madaniy salohiyatini, balki O‘zbekistonning global turizm va madaniy muloqot maydonidagi o‘rnini ham mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
M.Eshmirzayeva, O‘zA