Yaponiya telekanali O‘zbekiston haqida ko‘rsatuv tayyorladi
Yaponiyaning RCC TV telekanali O‘zbekistonning boy tarixi, jozibador turizm salohiyati hamda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv namoyish etdi.
Dasturda mamlakatimizning boy va rang-barang turizm salohiyati, jahon hamjamiyatidagi tobora mustahkamlanib borayotgan ijobiy imiji hamda O‘zbekiston – Yaponiya madaniy-gumanitar aloqalari shakllanishi tarixi atroflicha tahlil qilingan.
Ko‘rsatuv davomida Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarimizdagi betakror me’moriy obidalar, milliy an’analarimiz va yurtimizning zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha jadal islohot olib borilayotgani, xorijiy sayyohlar uchun qulay shart-sharoit yaratilayotgani ham alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ijodkorlar davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stona munosabat, o‘zaro ishonch va hamkorlikka asoslangan aloqalarning tarixi va bugungi kundagi rivojlanish bosqichi haqida ham so‘z yuritgan. Madaniyat, ta’lim, turizm sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar misolida samarali sheriklik natijasi yoritib berilgan.
Lavha yakunida xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortayotgan O‘zbekiston ochiq, do‘stona siyosati, boy tarixi, madaniy merosi sabab jahon sayyohlari uchun jozibador yo‘nalishga aylanayotgani qayd etilgan.
Umuman, bunday media loyihalar mavjud do‘stlik rishtasini yanada mustahkamlashi, ikki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va yaqinlikni kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA