Fransiya bilan tog‘ turizmini rivojlantirish borasida hamkorlik qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasida Fransiya vakillari bilan tog‘ turizmi sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Fransiyaning “Société des 3 Vallées (S3V)” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Paskal de Tersan hamda “POMA S.A.S.” kompaniyasining O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridagi vakolatxonasi rahbari Anton Chudayev bilan muzokara olib bordi.

Tomonlar uchrashuv davomida tog‘ turizmi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildi.
Uchrashuv davomida yil davomida faoliyat yurituvchi tog‘ turizmini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega bo‘lgan Toshkent, Namangan, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarining tog‘li hududlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
O‘zbekiston tomoni jahon darajasidagi tog‘-chang‘i kurortlarini yaratish va boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni, xususan, Kurshevel misolidagi amaliyotni yuqori baholab, ushbu tajribani mamlakat hududida joriy etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Shu nuqtai nazardan, ishtirokchilar hududlarda turizmni va unga tutash infratuzilmani rivojlantirishda asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lishi mumkin bo‘lgan zamonaviy tog‘-chang‘i kurortini barpo etish loyihasini ishlab chiqish tashabbusini ko‘rib chiqdi.
Bunda nafaqat zamonaviy infratuzilmani yaratish, balki barqaror, raqobatbardosh va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan sayyohlik yo‘nalishini shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekistonda tog‘ turizmini rivojlantirish, xalqaro tajribani joriy etish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Fransiya bilan hamkorlik esa mamlakat turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA