“Chinorkent–Yusufxona–Chimyon–Amirsoy” yo‘nalishida zamonaviy yo‘lovchi tashish tizimi joriy etiladi
Har qanday tizimning asosiy maqsadi insonlarga xizmat qilishdan iborat. Shu ma’noda mamlakatimizda aholi xavfsizligi va qulayligi yo‘lida samarali tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Xususan, ichki turizmni rivojlantirish, sayyohlarga manfaatli va qulay bo‘lgan sharoitlar yaratish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida transport infratuzilmasini yangi bosqichga ko‘tarish, viloyatda ekoturizmni rivojlantirish maqsadida “Chinorkent–Yusufxona–Chimyon–Amirsoy” yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy yo‘lovchi tashish tizimi joriy etilmoqda.
Maxsus sinovlar natijasiga ko‘ra, tog‘li hududlar uchun eng maqbul deb topilgan 20 dona “Ford” mikroavtobusi “Toshshahartransxizmat” AJ tasarrufidagi “Toshavtobustrans” MCHJ tomonidan xarid qilinib, respublikaga yetkazib berildi.
Ta’kidlanishicha, yangi transport vositalari aholi va sayyohlar uchun xavfsiz va qulay xizmat ko‘rsatadi. Bu esa soha rivojiga sezilarli ta’sir o‘tkazadi.
Sherbek Islomov, O‘zA