Zulfiyaxonimga izdosh bo‘lish istagidagi qizlar safi ortmoqda
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yurtimiz qizlarini yangidan-yangi ijodiy-ma’rifiy yutuqlar sari ilhomlantirmoqda.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti Komissiya a’zolari hamda ekspertlari tomonidan 2026 yilgi mazkur mukofotga tavsiya etilgan qizlarni baholash tanlovi tashkil etildi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli sohalarda o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratish, ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni munosib rag‘batlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, iqtidorli va faol xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovi o‘tgan yillar davomida fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda jamoatchilik faoliyati yo‘nalishlarida yuzlab yosh iqtidor sohibalarini kashf etdi.
Mazkur mukofot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 10 iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq joriy etilgan.
2017 yilgacha ushbu mukofot bilan har bir hududdan 1 nafardan – jami 14 nafar o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va 22 yoshdan oshmagan iqtidorli ayol-qizlar taqdirlangan bo‘lsa, 2018 yildan iqtidorli qizlar safini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish maqsadida har bir hududdan 2 nafardan jami 28 nafar iqtidorli qizlar taqdirlanmoqda va yosh chegarasi 22 yoshdan 30 yoshgacha uzaytirilgan.
2024 yilda mazkur mukofot bilan taqdirlash jarayonlari yanada takomillashtirildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2024 yil 7 fevraldagi tegishli farmoni bilan xotin-qizlar o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning axborot texnologiyalari sohasidagi, shu jumladan IT-xizmatlarni ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishdagi ulushini oshirish, axborot texnologiyalari yo‘nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarning munosib taqdirlab borilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida axborot texnologiyalari yo‘nalishi 8-yo‘nalish sifatida kiritildi.
2025 yilda ilk bor axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari ham taqdirlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 noyabrdagi tegishli qarori bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi belgilandi. Xususan, mazkur qaror bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti talabgorlarini tanlash, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi hamda yo‘nalishlar bo‘yicha talabgorlarning yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlarini baholash mezonlari belgilandi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayevaning ta’kidlashicha, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgandan buyon shu kunga qadar ushbu mukofot bilan jami 480 nafar ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlar taqdirlangan bo‘lib, ularning 105 nafari adabiyot, 92 nafari san’at, 83 nafari madaniyat, 64 nafari ta’lim, 61 nafari fan, 30 nafari sport va 14 nafari jamoatchilik yo‘nalishlarida mukofot sohibasi bo‘lgan.
Ta’sis etilganiga chorak asr bo‘lgan mazkur mukofot sohibalarining bugungi kundagi faoliyati, yutuqlari ham salmoqli. Birgina sport yo‘nalishida mazkur mukofot sohibi bo‘lgan Diyora Keldiyorova 2024 yilda o‘tgan Parijdagi XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni, Svetlana Osipova kumush medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochdi. Shuningdek, yana ko‘plab xotin-qizlarimiz Osiyo, jahon va boshqa nufuzli xalqaro musobaqa va tanlovlar g‘oliblari hisoblanadi.
Bugungi kunda sovrindorlarning 20 nafardan ortig‘i turli vazirlik, idora va tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarida ishlayotganlar, ta’lim va tibbiyot sohasida esa 100 nafarga yaqin, boshqa soha va tarmoqlarda esa 70 nafardan ortiqni tashkil etmoqda.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan opa-singillarimiz safida mahalliy Kengashlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham borligi barchamizni quvontiradi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va boshqa sohalardagi eng nufuzli arboblar, ijodiy uyushmalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ta’lim, madaniyat va sport muassasalarining taniqli vakillaridan iborat tarkibda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi faoliyat olib boradi.
Mazkur komissiya zimmasiga Komissiyaga Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olish bo‘yicha takliflarni ushbu mukofot to‘g‘risidagi Nizomga qat’iy muvofiq holda ko‘rib chiqish, Davlat mukofotiga tavsiya etilgan talabgorlarning faoliyati, asarlarining jamoatchilik tomonidan keng va oshkora muhokama qilinishini tashkil etish, ularning jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan xolisona baholanishiga ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan.
[gallery-27172]
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga saralashning quyi bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 370 nafar xotin-qizlarimizning hujjatlari Respublika komissiyasiga kelib tushgan.
Xususan, fan yo‘nalishida 58 ta, ta’lim yo‘nalishida 43 ta, adabiyot yo‘nalishida 44 ta, san’at yo‘nalishida 58 ta, sport yo‘nalishida 47 ta, jamoatchilik faoliyati yo‘nalishida 39 ta, madaniyat yo‘nalishida 29 ta, axborot texnologiyalari yo‘nalishida 24 ta hujjat qabul qilindi.
N.Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari