Dehlida “O‘zbekiston – uning nigohida: Ipak yo‘lihikoyalari” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Yaqinda Hindiston poytaxtida Manav Rachna universiteti va “ENN360” tashkiloti bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik yosh ijodkor qizlarning ingliz tilida chop etilgan “Uzbekistan – through her eyes: Stories from the Silk Road” (“O‘zbekiston – uning nigohida: Ipak yo‘li hikoyalari”) nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir tashkilotchilarining O‘zAga ma’lum qilishicha, “Galleon” nashriyoti tomonidan chop etilgan mazkur kitob “TEDx” spikeri, hind yozuvchisi Prachi Gupta va “Shine” qizlar akademiyasi asoschisi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Shohida Yusupova muharrirligida tayyorlangan bo‘lib, unda Yangi O‘zbekistonning iste’dodli ayol-qizlari qalamiga mansub hikoyalar, she’rlar, maqolalar va esselar jamlangan.


Anjumanda O‘zbekiston elchixonasi xodimlari, ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar doiralar vakillari, jurnalistlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Yig‘inda so‘zga chiqqanlar ushbu loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va adabiy aloqalarni yanada mustahkamlashda alohida o‘rin tutishini, mazkur to‘plam nafaqat adabiy asarlar jamlanmasi, balki yosh iste’dod egalarining ovozi, ularning jamiyatdagi o‘rni va roli haqida muhim xabar ekanini ta’kidlashdi.


– Ayni paytda biz AQSH, Xitoy, Turkiya, BAA, Ozarbayjon, Misr, Qatar va Hindiston kabi davlatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda madaniy almashinuv loyihalarini amalga oshirib kelmoqdamiz, -dedi loyiha rahbari Sh.Yusupova o‘z nutqida. – Boshqacha aytganda, xalqaro antologiyalar nashr etish orqali O‘zbekiston va o‘zbek xotin-qizlari ijobiy imijini dunyo bo‘ylab tarannum etyapmiz. Bu – nafaqat mening, balki yuzlab bilimli va iqtidorli o‘zbek qizlarining yutug‘idir. Maqsadim – ilmli, iqtidorli dugonalarimni xalqaro miqyosda tanitish.
Shuningdek, taqdimotda taniqli hind professori Sunil Kumar Roy bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi millatlar o‘rtasidagi adabiy, madaniy va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashda alohida o‘rin tutishini qayd etdi.

– Bu kitob shunchaki hikoyalar to‘plami emas, balki madaniyatlar o‘rtasidagi ko‘prikdir, -dedi u. – Ushbu sahifalar orqali biz o‘zbek ayol-qizlarining kuchi, zakovati va go‘zalligini kashf etdik. Bu kitob kishida yurtingiz va o‘zbek qizlari haqida iliq tasavvur uyg‘otadi.
Tadbirda mazkur kitobda ijodiy ishlari chop etilgan iste’dodli ayol-qizlarimiz ham so‘zga chiqib, o‘lkamizda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berishdi.
Darhaqiqat, bunday loyihalar Vatanimizning madaniy va ijodiy salohiyatini sayyoramiz bo‘ylab namoyish etish, ayollarimiz intellektual imkoniyatini yuksaltirish, qolaversa, davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘.Alimov, O‘zA