Dunyo sahnasini zabt etayotgan Yasmina (+video)
Yaqinda 11 yoshli o‘zbek vokalisti Yasmina Husniddinova “Britain’s Got Talent” iste’dodlar shousida yurtimiz nomidan ishtirok etib, eng murakkab kompozitsiyalardan biri – “Never Enough” qo‘shig‘ini ijro etdi va hakamlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Uning O‘zAga aytishicha, sahnaga chiqish oldidan biroz hayajonlangan, lekin kuylashni boshlagach, bu hislar yo‘qolgan. Hakamlar “ha” degan paytda esa juda quvonchli va hayajonli bo‘lganini ta’kidladi.
Qahramonimiz kelajakda katta sahnalarda ijod qilishni davom ettirish, yangi musiqiy loyihalarda ishtirok etish va xalqaro musiqiy maydonda O‘zbekiston nomini yanada yuksaltirishni maqsad qilgan.
Yasmina uchun bu birinchi muvaffaqiyat emas. 2024-yilda u “Ovoz. Bolalar” birinchi mavsumida ishtirok etib, uchinchi o‘rinni egallagan. Aynan shu yili Belarusning “Slavyanskiy bazar – Vitebsk 2024” festivalida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Italiyada o‘tkazilgan “Sanremo Junior 2025” tanlovida Gran-pri sohibasi bo‘lgan.
Endilikda yosh iste’dod egasi butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlar kuzatib boradigan Buyuk Britaniya shousining bosh sovrini uchun kurashni davom ettiradi.
Ushbu suhbatni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0gJTUZjddqY" title="Dunyo sahnasini zabt etayotgan Yasmina" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Iskandar Ismatov (videomuhandis), O‘zA