Jurnalistika – ta’magirlik yoki shantaj quroli emas
Konstitutsiyada so‘z erkinligi kafolatlangan. Ayniqsa, jurnalistik faoliyat qonun bilan himoya qilinishi bilan bir qatorda, soha vakillariga katta mas’uliyat ham yuklangan.
Jurnalistik materiallarda berilayotgan xabarning to‘g‘riligi uchun jurnalist mas’uldir. Bu soha xolis bo‘lishi, har qanday holatda – axborot izlash jarayonida, intervyu olishda, uni tayyorlashda qonuniy talablarga rioya etilishi shart.
Jurnalistika – hech qachon ta’magirlik yoki shantaj quroli bo‘lmasligi kerak. Soha vakillari o‘z faoliyatida kasb etikasiga qat’iy rioya qilishi, hech bir shaxsning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasligi darkor.
Jamiyatimizdagi ochiqlik muhitini noto‘g‘ri tushunayotgan ayrim kimsalar so‘z erkinligini suiiste’mol qilayotgani achinarli, albatta.
Xalq ishonchini oson pul topish manbai, davlat idoralari hamda huquqni muhofaza qilish organlariga tahdid qilish quroli, jamoatchilik nazorati institutini omma kayfiyatiga ta’sir qilish instrumentiga aylantirib olayotganlar ham yo‘q emas.
Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, “Elita-media” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Taftish.uz” xodimlari jamoatchilik nazoratini o‘zlariga niqob qilib jinoiy guruh tuzib, tovlamachilik va firibgarlik sodir etib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Bular – “Taftish.uz”ning norasmiy rahbari G‘ayrat Aberayev, muxbirlik lavozimida ishlagan Azizjon Yuldashev, Sardor Hamidov, Marjona Eshquvvatova hamda Dilshod Nishonovdir.
O‘z faoliyatini daromad manbaiga aylantirib olgan Aberayev boshchiligidagi guruh, murojaatchilarni aldash bilan bir qatorda, fuqarolarni obro‘sizlantiruvchi yoki boshqa usulda sharmanda qiluvchi videolarini tarqatish bilan tahdid qilib yoki shunday videolarni internet orqali e’lon qilinganidan keyin o‘chirib berish evaziga fuqarolardan pul talab qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Ya’ni, kelib tushgan murojaatlarni yoritgani uchun bir tarafdan mablag‘ olgan bo‘lsa, tayyorlangan materiallarni o‘chirib yuborish uchun ikkinchi tarafdan pul talab qilib kelgan.
Misol uchun, 2025 yil noyabr oyida A.Yuldashev va D.Nishonov G‘.Aberayevning topshirig‘iga ko‘ra, “Chilonzor buyum savdo kompleksi” rahbariyati bilan mazkur hududdan do‘kon sotib olgan fuqaro o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida bozor ma’muriyatini obro‘sizlantiruvchi videolavha tayyorlab, 5 dekabr kuni “Taftish.uz” YouTube kanaliga joylashtirgan.
Vaholanki, tadbirkor va bozor ma’muriyati o‘rtasidagi ziddiyat allaqachon sud organlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilingan. “Taftish.uz” vakillari buni juda yaxshi bilsa-da, murojaatchining mablag‘i evaziga bir tomonlama material tayyorlab, yoritgan.
Shundan so‘ng G‘.Aberayev S.Hamidov orqali bozor ma’muriyati bilan bog‘lanib, videoni o‘chirib berishi uchun 40 million so‘mni ta’magirlik yo‘li bilan talab qilgan. Evaziga videodagi holat o‘z tasdig‘ini topmagani to‘g‘risida “Telegram” kanalda xabar joylashtirishga va’da bergan.
Ta’magirlik holatini niqoblash uchun bozor ma’muriyati “Taftish.uz” bilan 40 million so‘mga shartnoma tuzishga majburlangan. Shu tariqa talab qilingan mablag‘dan 10 million so‘mi S.Hamidovning bank kartasiga o‘tkazib berilgan.
Bundan tashqari, M.Eshquvvatova, A.Yuldashev va D.Nishonov 2025 yilning noyabr oyi boshlarida Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi qurilish firmasi “Black plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati to‘g‘risida ikkinchi tomonning mablag‘i evaziga uydirma tafsilotlardan iborat videolavha tayyorlab “Taftish.uz” YouTube kanaliga joylagan.
Firma faoliyati to‘g‘risida yana ikkita videoholatni tarqatish bilan tahdid qilib, kompaniya mudiri H.To‘rayevni “Taftish.uz” ofisiga chaqirtirgan. Boshqa videolarni chiqarmaslik evaziga unga majburiyat yuklangan tilxat yozdirilgan.
Ishchanlik obro‘sida qayg‘urayotgan tadbirkordan guruh a’zolari o‘z foydasiga alohida 60 million so‘m talab qilgan. Jinoiy yo‘l bilan olinayotgan pullarni niqoblash maqsadida tadbirkor “Taftish.uz” bilan shartnoma tuzishga majbur qilingan.
Tadbirkor belgilangan muddatda pulni bera olmaganidan keyin jinoiy guruh a’zosi M.Eshquvvatovaning talabi bilan A.Yuldashev va D.Nishonov tadbirkorni obro‘sizlantiruvchi videolarni o‘z kanallarida tarqatgan.
Chorasiz qolgan tadbirkor ushbu videolarni o‘chirtirish evaziga joriy yilning 8 yanvar kuni guruh a’zolaridan birining bank kartasiga 30 million so‘m, 12 yanvar kuni esa yana 30 million so‘m o‘tkazib bergan.
“Jurnalistik surishtiruv” bahonasida, go‘yoki haqiqatni yoritib, xalqqa yordam berayotganini tinmay vaj qilib ko‘rsatib kelgan bu shaxslar, aslida, o‘z manfaatlari uchun qayg‘urib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur shaxslar Jinoyat kodeksining 139-moddasida nazarda tutilgan boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatib, tuhmat qilish, 168-moddasida nazarda tutilgan firibgarlik, 165-moddasida nazarda tutilgan tovlamachilik, 244-6-moddasida nazarda tutilgan yolg‘on axborot tarqatish jinoyatlarni sodir etganligi aniqlanib, ularning barchasi protsessual tartibda ushlangan.
N.Abduraimova, O‘zA