Nukusda “Bir million daraxt” aksiyasi o‘tkazildi
“Yuksalish” harakati tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida 2019-yildan buyon mamlakatning turli hududlarida “Bir million daraxt” aksiyasi o‘tkazib kelinmoqda.
Tadbirning maqsadi iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi kurashish, odamlarni birlashtirish orqali daraxtlarni ko‘paytirish va o‘stirish masalalariga e’tiborni jalb qilishdir. Ushbu loyiha yiliga ikki oktabr-noyabr va mart-aprel oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu yilgi aksiyada ijtimoiy ob’ektlarga tegishli hududlarga e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi ko‘magida Nukus shahridagi 1-sonli texnikum atrofida daraxt ekish ishlari olib borildi. “Yashil makon” loyihasi doirasida o‘tkazilgan ushbu aksiya nodavlat notijorat tashkilotlari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Unda ushbu tashkilotlar bilan birga texnikum jamoasi va talaba-yoshlar faol ishtirok etdi. Jumladan aksiya doirasida aylant, katalpa, kiparis kabi jami 100 dona manzarali daraxt ko‘chati ekildi.

Ekilgan ko‘chatlarning keyingi o‘sib rivojlanishini Nukus shahridagi 1-sonli texnikumi jamoasi o‘z javobgarligiga oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.