Ichki ishlar organlari tizimida raqamli yechimlar va zamonaviy boshqaruv usullari
Ichki ishlar organlari tizimida raqamlashtirish jarayonlari takomillashib bormoqda, ya’ni raqamli yechimlar va zamonaviy boshqaruv usullari joriy etilayotir.
Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Toshpo‘latov Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi qo‘riqlash xizmati binosida mas’ullarning taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda Raqamli qo‘riqlash platformasining yangi tashkil etilgan modullari namoyish etildi.
Shuningdek, turli ob’ektlarni va xonadonlarni qo‘riqlovga olish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida sohani raqamlashtirish hamda jamoat xavfsizligini ishonchli muhofaza qilish borasidagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Aholi ko‘p to‘planadigan joylarda qo‘riqlash xizmati turlarini targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan “Security Office” xizmat ko‘rsatish ofisi faoliyati taqdimoti o‘tkazildi.

Ofisda aholining xizmat turlaridan keng ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, bu orqali xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish imkoniyati yaratildi.

Tadbirda ichki ishlar organlarida raqamlashtirish jarayonlari o‘rganildi. Jumladan, joriy etilgan axborot tizimlari, aholiga xizmat ko‘rsatishda inson omilini kamaytirishga qaratilgan dasturiy ta’minot, videokuzatuv tarmoqlari, avtomatlashtirilgan nazorat va monitoring platformalari amalda qanday ishlayotgani namoyish etildi.
Mas’ullarga raqamli texnologiyalarni yanada kengaytirish, onlayn xizmatlar sonini va xizmat samaradorligini oshirish, nomzodlarni tanlash faoliyatini raqamlashtirish, xodimlarning kasbiy tayyorgarligi, ma’naviy-axloqiy qiyofasi va ularni rag‘batlantirish mexanizmlari yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA