“O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida transport xizmatlari hajmi 301 trillion so‘mgacha oshiriladi
“O‘zbekiston - 2030” strategiyasi mamlakatning o‘rta va uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim strategik hujjat bo‘lib, u barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, aholi turmush darajasi va sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish, inson kapitali salohiyatini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvida samaradorlik va ochiqlikni yanada oshirishni ko‘zda tutadi.
Strategiyada islohotlarni izchil davom ettirish, xususiy sektor faolligini kuchaytirish, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalarida tizimli o‘zgarishlarga erishish ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar aynan ushbu strategiyani qayta ko‘rib chiqish masalasini o‘rtaga qo‘ydi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazida ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mas’ullar shu haqda atroflicha ma’lumot berdi.
[gallery-27159]
Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sharipov, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, Energetika vazirligi kotibiyati boshlig‘i Bekzod Ismoilov, Turizm qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Oybek Hakimov so‘zga chiqib, loyihaga asosan ushbu sohalarda belgilanayotgan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining takomillashtirilishi, unda belgilangan vazifalarning yangilanishi mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligida muhim ahamiyatga ega. O‘z navbatida, bu jarayonda keng jamoatchilikning faol ishtirokini ta’minlash ham muhim masala hisoblanadi.
– “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi loyihasida O‘zbekistonning global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish hamda milliy transport tizimi salohiyatini oshirish ustuvor vazifalardan. Shunga asosan mazkur hujjat doirasida transport xizmatlari hajmini 301 trillion so‘mgacha oshirish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari hajmini 250 trillion so‘mga yetkazish, aviaqatnovlar sonini 200 mingtaga chiqarish, jumladan, respublika hududlari o‘rtasidagi reyslar sonini 41 mingtaga yetkazish vazifalari belgilangan, – dedi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari M.Omarov.
Energetika vazirligi kotibiyati boshlig‘i Bekzod Ismoilovning ma’lum qilishicha, yangilanayotgan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida 2030 yilga qadar “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosini tashkil etuvchi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 25 ming MVtga yetkazish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmini 120 milliard kVt·soatgacha oshiriladi.
Shuningdek, tadbirda turizm sohasining galdagi vazifalari ham aytib o‘tildi. Turizm qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Oybek Hakimov qayd etganidek, 2030 yilga borib xorijiy turistlar yillik soni 20 million nafargacha yetkaziladi, turizm xizmatlari eksport hajmi 6 milliard dollarga chiqariladi hamda hududlarda 4 mingta yangi mehmonxona, mehmon uyi va xostellar tashkil etiladi.
Matbuot anjumani yakunida mas’ullar mazkur loyihaga doir muhokamalar muntazam davom etishini ta’kidladi.
N.Ziyodullayeva, N.Haydarov (surat), O‘zA