Sofi Ibbotson: Londonda Axsikent arxeologiya bog‘i kitobi taqdimoti o‘tkaziladi
– Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasida Namangan viloyati faol ishtirok etdi, – deydi “Axsikent” arxeologiya bog‘i rahbari Anvar Ikromov.
– Tog‘, tabiat, daryo va tarix uyg‘unlashgan ekspozitsiyada asosiy e’tibor ekoturizm va arxeoturizmga qaratilgani barchada iliq taassurot qoldirdi. Rasmiy statistika 2025 yil 11 oy davomida 1,5 million xorijlik viloyatga kelganini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson bilan istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Tadqiqot faoliyatiga ilmiy-innovatsion yondashuv, Yangiqo‘rg‘on va Chust tumanlarida sohani rivojlantirish, Namangan turizmini xorijda targ‘ib etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
– Menimcha, TXTK-2025 doirasida ikki ayvon – Namangan va Xorazm viloyatlari namoyishi boshqalaridan ajralib turdi: bu ob’ektlar dizaynerlari o‘z hududi turizmining noyob jihatlarini aks ettiruvchi ijodiy konsepsiya yarata olgan, – dedi Ibbotson. – Afsuski, men Namanganga borganimda juda oz fursat bo‘ldim. Kelasi yil shu bo‘shliqni to`ldiraman. Tabiat qo‘ynida bo‘lish menga juda yoqadi va shu bois albatta Axsikentga boraman. 2026 yil Londonda ushbu bog‘ kitobi taqdimotini ham o‘tkazish rejamiz bor.
M.Pirmatova, O‘zA