Ellikqal’ada “Sahro sadosi“ II Xalqaro yoshlar festivali o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator amaliy ishlar qilinmoqda.
Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Ellikqal’a tumani hokimligi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Ellikqal’a tumanida “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida “Sahro sadosi“ II Xalqaro yoshlar festivalini o‘tkazdi.

Mazkur festival mamlakatimiz shu jumladan, Qoraqalpog‘istonning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Festivalda Xorvatiya, Hindiston, Xitoy va qo‘shni mamlakatlardan turizm bo‘yicha mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar hamda 1000 ga yaqin talaba yoshlar ishtirok etdi.


Festival doirasida xorijlik va mahalliy turizm mutaxassislari tomonidan Qoraqalpog‘iston turizmini rivojlantirishga qaratilgan treninglar tashkil etildi.



Tuproqqal’a tarixiy majmuasida talaba-yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonning baxtli yoshlarimiz!” mavzusida rasm chizish ko‘rik-tanlovi, Aqchako‘l sohilida “Baliqdan 99 xil taom” milliy taomlar tanlovi o‘tkazildi. Shuningdek, sport musobaqalari, milliy sport o‘yinlari tadbirlari Aqchako‘ldagi Amfiteatrda festival konsert dasturlariga ulanib ketdi. Festivalning ikkinchi kunida Ayozqal’ada kurash, shaxmat, shashka, arqon tortish kabi sport o‘yinlari keng qamrovda bo‘lib o‘tdi.

Ikki kun davom etgan festivalda faol ishtirok etgan yoshlar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.


Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari va kelishuvlarga erishdi.
O‘zA