Iste’molchilar manfaatlari: Navoiyda natijalar sarhisob qilindi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Navoiy viloyat hududiy birlashmasining hisobot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Federatsiya rahbariyati, hamkor tashkilotlar va OAV vakillari hamda tuman va shaharlardan saylangan delegatlar ishtirok etgan tadbirda 2022-yildan 2026-yilning 9 oyigacha bo‘lgan davrda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Hisobot davrida hududiy tuzilmalarga 2 184 ta murojaat kelib tushib, ularning 1 638 tasi ijobiy hal etilgan. Natijada iste’molchilar foydasiga 9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Fuqarolarning huquqiy manfaatlarini sud orqali himoya qilish yo‘nalishida 29 ta ish ko‘rib chiqilib, iste’molchilar foydasiga 610 million so‘mdan ziyod moddiy va ma’naviy zarar undirilishi ta’minlangan.

2026-yilning dastlabki 9 oyida kelib tushgan 523 ta murojaatning 466 tasi ijobiy hal etilib, iste’molchilar foydasiga qariyb 2,727 milliard so‘m qayta hisob-kitob qilingan. “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalariga esa 1 546 ta murojaat kelib tushgan.
Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida 93 ta jamoatchilik monitoringi o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga takliflar kiritilgan. Aholining huquqiy savodxonligi va iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida 56 ta seminar va 940 ta davra suhbati tashkil etilgan. Ularda iste’molchilarning shartnoma, kassa cheki, mahsulot sifati va kafolat huquqlariga oid bilimlari mustahkamlangan.

Konferensiyada murojaatlarni tezkor va xolis ko‘rib chiqish, takroriy shikoyatlar sabablarini tahlil qilish, nizolarni sudgacha hal etish imkoniyatlarni kengaytirish va monitoring natijalari ijrosini nazorat qilish muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Shuningdek, elektron tijorat va onlayn xaridlar sharoitida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, elektron murojaatlar tizimini takomillashtirish hamda mahallalarda huquqiy maslahatlar qamrovini kengaytirish kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Tadbir so‘nggida 2026-yilning noyabr oyida o‘tkaziladigan Federatsiyaning navbatdagi hisobot konferensiyasida ishtirok etish uchun delegatlar saylandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri