G‘oliblar viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi
Andijon shahridagi 31-umumta’lim maktabida “Jadidlar izidan” respublika tanlovining Andijon shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim va ilm-fan vazirligi tashabbusi bilan umumta’lim maktablarining 6-10 sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kitob mutolaasi va kitobxonlikni keng targ‘ib etish, buyuk jadid allomalar, adib hamda mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish orqali o‘quvchilarning tafakkur va ma’naviy dunyosini boyitish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida ikkita yosh yo‘nalishida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovning Andijon shahar bosqichida qatnashish uchun 14 ming nafardan ziyod o‘quvchi onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Ikki yosh toifasi – 6-8 sinf hamda 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovning saralash bosqichidan o‘tgan, maktab, hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 114 nafar o‘quvchi shahar bosqichida ishtirok etib, o‘zlarining bilim va mahoratlarini namoyish etdi.
[gallery-32138]
Belgilangan test sinovi, savol-javob shartlari asosida o‘tgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 6-8 sinf o‘quvchilari o‘rtasida eng yuqori ball jamg‘argan Andijon shahridagi 43-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Asadullo Olimjonov, 9-10 sinf o‘quvchilari o‘rtasida esa 41-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muslima Abduazimbekova g‘olib deb topilib, tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari Andijon shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tanlov doirasida kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi, shuningdek, jadid ijodkorlar ijodi bo‘yicha o‘tkazilgan mushoirada o‘quvchilar faol ishtirok etdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari