Xokkey: Terma jamoamiz ishtirok etadigan jahon chempionatining vaqti ma’lum bo‘ldi
2025 yilning 13-19 aprel kunlari Armanistonda bo‘lib o‘tadigan xokkey bo‘yicha dunyo birinchiligining IV divizionida terma jamoamiz ham ishtirok etadi.
Unda xokkeychilarimizga Armaniston, Eron, Quvayt, Malayziya va Indoneziya termalari raqib bo‘ladi.

Shuningdek, 2025 yilning 28 fevral kunidan 6 mart kuniga qadar Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tadigan III divizion “B” guruhida o‘smirlar terma jamoamiz Bosniya va Gersegovina, Turkmaniston, Tailand, Janubiy Afrika va Lyuksemburg termalari bilan raqobatlashadi.

Ushbu musobaqa U18 yosh toifasida bo‘lib o‘tadi. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, mazkur yoshdagi xokkeychilarimizdan iborat terma jamoamiz uchun mazkur chempionat birinchisi hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston xokkey terma jamoasi mazkur yosh toifasida Osiyo va Okeaniya kubogining amaldagi g‘olibi hisoblanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA