Markaziy bankning jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotida qayd etilishicha, joriy yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha banklarning jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar portfeli miqdori yil boshiga nisbatan 4,7 trillion so‘mga o‘sib, 153,3 trillion so‘mni tashkil qilgan.
Jismoniy shaxslarga 60,2 trillion so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan. Yil boshiga nisbatan o‘sish — 3,4 foiz yoki 2 trillion so‘mni tashkil etadi. 45,2 trillion so‘m iste’mol kreditlari, 26,7 trillion so‘mlik mikroqarz, 15,9 trillion so‘m tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ajratilgan. 5,2 trillion so‘m ta’lim va boshqa kreditlarga yo‘naltirilgan.
Ushbu yo‘nalishda yetakchi banklar haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, Ipoteka bank chakana kredit portfel qoldig‘i 22,4 trillion so‘mni tashkil qilgan holda yetakchilikni saqlab qolmoqda. Birinchi chorakda bank chakana portfeli qariyb 1,2 trillion so‘mga o‘sgan.
So‘nggi yillarda chakana kreditlar berish bilan jadal shug‘ullanib kelayotgan Kapitalbank kredit portfeli esa (19 trillion so‘m) yil boshiga nisbatan 12 milliard so‘mga kamayishi kuzatilgan.
Ijtimoiy bankdan chakana bangga aylanishni maqsad qilgan Xalq banki portfeli yil boshiga nisbatan 696 milliard so‘mga oshib, 16,4 trillion so‘mga yetgan va birinchi uchlikdan o‘rin olgan.
Yana bir davlat banki O‘zmilliybank kredit portfeli joriy yil 1-aprel holatiga 15,1 trillion so‘mni tashkil qilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA