Milliy kapital bozori uçun uçta yangi indeks joriy etiladi
Bugun Ommaviy axborot vositalari uçun kontent tayyorlaş markazida “Toşkent” Respublika fond birjasi matbuot kotibi Umida Igamberdiyeva iştirokida brifing bölib ötdi.
Unda Özbekiston kapital bozorining xalqaro reyting va indekslardagi örnini yaxşilaşga qaratilgan işlar doirasida fond birjasida yangi UPI indekslar lineykasini joriy etiş masalalari haqida maʼlumot berildi.
Mazkur taşabbus Prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxşilaşga doir qöşimça çora-tadbirlar töğrisida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosiga, şuningdek, Respublika kengaşi tomonidan mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi örnini yaxşilaş böyiça amalga oşirilayotgan çora-tadbirlarga qaratilgan.
Maʼlum qilinişiça, 2026-yil 10-noyabrdan amaldagi UCI indeksi örniga uçta yangi indeks, yaʼni UPI (Uzbekistan Prime Index), UPI FF (Uzbekistan Prime Index Free Float Adjusted) va UPI EW (Uzbekistan Prime Index Equal-Weighted) joriy etiladi.
Uşbu indekslar aksiyalarni bozor kapitalizatsiyasi, erkin muomaladagi uluşi hamda teng vaznli hisoblaş usullari asosida baholaş imkonini beradi. Buning natijasida milliy aksiyalar bozori dinamikasini turli yondaşuvlar asosida tahlil qiliş mumkin böladi.
Yangi indekslar tarkibini şakllantirişda emitentning moliyaviy holati, aksiyalarning likvidligi va savdo faolligi kabi mezonlar hisobga olinadi. Xususan, emitentning sönggi eʼlon qilingan yillik moliyaviy hisobotida ijobiy moliyaviy natija qayd etilgan bölişi, aksiyalarning erkin muomaladagi uluşi (free float) kamida 5 foizni taşkil etişi hamda belgilangan savdo faolligi va likvidlik talablariga javob berişi lozim. Şuningdek, aksiyalarning Birja kotirovkalaş varağida böliş muddati ham inobatga olinadi.
Taʼkidlanganidek, yangi indekslar bozor iştirokçilariga aksiyalar bozoridagi özgarişlarni yanada aniqroq baholaş, emitentlarga esa indekslar tarkibiga kiriş talablari bilan tanişiş imkonini beradi. Şu bilan birga, ular kelgusida birja investitsiya fondlari (ETF) kabi yangi investitsiya mahsulotlarini rivojlantiriş uçun uslubiy asos bölib xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
ÖzA