Poytaxtimizdagi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi stadionida langar cho‘pga tayanib sakrash bo‘yicha kattalar va 18 yoshgacha bo‘lgan atletlar orasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Chempionatda 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Dodarho Ibrohimova 2,30 metr natija bilan mamlakat chempioniga aylangan bo‘lsa, ushbu yosh toifasidagi o‘g‘il bolalar orasida Abdutolib Komilboyev 3,10 metr balandlikni zabt etgan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda esa Doniyor Qo‘chqorov 4 metr natija qayd etgan holda shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, Hayot Ali Po‘latov (3,80 m.) mazkur yo‘nalishda kumush, Ozodbek Toshbekov (3,50 m.) esa bronza medaliga loyiq ko‘rildi.
Ma’lumot uchun, 19-20-mart kunlar U14 toifasidagi o‘g‘il va qizlar orasida Qarshi shahrida, U20 toifasidagi yigit va qizlar o‘rtasida Toshkent shahrida yengil atletikaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA