Shaxmat olimpiadasi: O‘zbekiston jamoasi tarixiy g‘alabaga erishdi
Dunyo e’tiborini deyarli ikki hafta mobaynida Samarqandga qaratgan shaxmat olimpiadasi musobaqalari, uning doirasidagi tadbirlar shaxmatning rivojiga beqiyos hissa qo‘shish bilan birga yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi salobati ne chog‘li yuksalayotganligini yana bir karra yorqin namoyon etdi.
Bugun 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining so‘nggi 11-tur o‘yinlari nufuzli musobaqaning g‘olib va sovrindorlari nomini aniqlab berdi.
Mahoratli va iste’dodli shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminovdan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi Ukraina shaxmatchilarini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi va haqli ravishda 20 ochko bilan 2026-yilgi shaxmat olimpiadasining g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Hamyurtlarimizning asosiy ta’qibchisi sanalgan Hindiston so‘nggi turda Vengriya bilan 2:2 hisobida murosa yo‘lini tanlashi natijasida 18 ochko bilan kumush medallarga ega chiqdi.
O‘z navbatida Niderlandiyani mag‘lub etgan Germaniya jamoasi 19 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 3-o‘rindan joy oldi.
Aytish lozimki, shaxmatchilarimiz uchun chempionlik yo‘lidagi kurashlar oson bo‘lmadi. Hamyurtlarimiz musobaqaning dastlabki 7 turida raqiblaridan ustunlikka erishdi. Hal qiluvchi bahslarda Hindistonni 2.5:1.5, Xitoy jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. 8-turda Germaniyaga ochko taqdim etgan shaxmatchilarimiz 9-turda “jahon terma jamoasi” sanalgan AQSHdan ustunlikka erishdi. 10-turda Armaniston jamoasi 3.5:0.5 hisobida tor-mor qilindi.
Shaxmat olimpiadalari tarixiga e’tibor qaratsak, O‘zbekiston terma jamoasi 2022-yili Chenay Olimpiadasida oltin, 2024-yili Budapeshtda bronza va 2026-yilgi Samarqand olimpiadasida yana oltin medallar qo‘lga kiritildiki, bu, mamlakatimiz yoshlarining intellektual salohiyati yildan yilga o‘sayotganligining yorqin ifodasidir.
Olimpiada musobaqalarining yana bir o‘ziga xos jihati, yigitlarimiz faqat chempion bo‘libgina qolmay, o‘tgan yillar davomida shaxmatchilarimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlar tasodif emasligini va O‘zbekiston bugun dunyoning eng kuchli shaxmat terma jamoasi ekanligini amalda isbotladi.
Shuningdek, olimpiadada alohida taxtalarda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Asrorjon Omonov yetakchilar qatoridan o‘rin egalladi.
Bundan tashqari, Abdumalik Abdusalimov, Muhammadzohid Suyarov, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimovalarning o‘z taxtalarida kuchli o‘nlikdan o‘rin egallashi yangi g‘alabalar, yangi chempionlar avlodi yetishib kelayotganligini ko‘rsatdi.
Shaxmat olimpiadasining ayollar musobaqasida Xitoy jamoasi so‘nggi turda Vetnamni mag‘lub etdi va 20 ochko bilan g‘oliblik maqomiga ko‘tarildi. 2-o‘rin Polsha jamoasi bilan durangga erishgan Qozog‘iston jamoasiga, 3-o‘rin esa Hindiston jamoasi shaxmatchi qizlariga nasib etdi.
[gallery-31634]
Shiddatli musobaqalarda o‘z zakovati bilan g‘oliblikka erishgan chempionlarimizni, ularning murabbiylarini, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi oilasini va butun xalqimizni ushbu tarixiy g‘alaba bilan muborakbod etamiz.
T. Ro‘ziyev, G‘. Hasanov, A. Mamadaminov (foto), O‘zA.