2 sentyabrdan avtomobillarni Piskent poligonida sinovdan o‘tkazish amaliyoti tuxtatildi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mamlakatimizda avtomobillar xavfsizligi va sifati bo‘yicha yangi tartibni joriy etmoqda. Endilikda, 2025 yil 2 sentyabrdan boshlab avtomashinalarni Piskent avtopoligonida sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi.
Ma’lumki, 2024 yil 1 noyabrdan avtomobillar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan texnik reglament asosida Piskent sinov majmuasida tekshiruvdan o‘tkazilib kelinar edi. Bu jarayon import avtomobillarning sifat va xavfsizlik talablari bo‘yicha sinovdan o‘tishiga xizmat qilgan.
Nega sinovlar to‘xtatilmoqda?
O‘tgan yilda respublikamizda faqat 3 ta rasmiy dilerlik markazi faoliyat yuritgan va ular 15 ta avtomodel uchungina turini ma’qullash hujjatini olishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Bugungi kunda esa 21 ta xorijiy kompaniyaning rasmiy dilerlari faoliyat boshladi va 100 dan ortiq avtomobil rusumiga rasmiy tasdiq berildi.
Shu sababli, endilikda iste’molchilarga sifatli, xavfsizligi kafolatlangan va texnik reglamentlarga mos avtotransport vositalarini rasmiy dilerlardan xarid qilish imkoniyati yaratildi.
Xamroz Bayanov,
O‘zA