“Zarafshon” savdo markazi 2024 yil 18 dekabr kuni o‘zining 50 yillik yubileyini nishonladi. Ilk bor ochilganda majmua “Zarafshon” restorani sifatida ish boshlagan.
U ovqatlanish, dam olish va diydorlashish uchun mashhur maskan bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan markaz rivojlanib, hozirgi kunda savdo va madaniy markaz sifatida faoliyat yuritmoqda.


Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, 1966 yilda Toshkentda yuz bergan vayronkor zilzila shahar hayotida chuqur iz qoldirgan edi. Mazkur fojiali voqeadan so‘ng, shaharda ko‘plab yangi qurilish ishlari amalga oshirildi. Ular orasida “Zarafshon” ham bor edi.
Arxitektorlar Vladimir Spivak va Rustam Memetov rahbarligida loyiha ishlab chiqildi. Qurilish natijasida “Zarafshon” shaharning tiklanishi va qayta tug‘ilishi ramziga aylandi. 1974 yilda “Zarafshon”ning ochilishi Toshkent uchun katta voqea bo‘ldi.

Shu yil oktyabrida “Zarafshon”da O‘zbekistonga Xalqlar Do‘stligi ordeni taqdim etilishini nishonlash uchun tantanali qabul tadbiri o‘tkazilgan. 800 o‘rinli markaziy zal o‘sha davrda O‘rta Osiyodagi birinchi va eng yirik zal sifatida tarixga kirdi. Bu yer nafaqat savdo joyi, balki uchrashuvlar, dam olish va bayramlar uchun ham mashhur makonga aylandi.


Hozirgi kunda ham “Zarafshon” faqatgina do‘kon va restoranlardan iborat emas Bu yerda salonlar, kinoteatr va madaniy tadbirlar uchun maydonlar mavjud. Shuningdek, biznes uchrashuvlar uchun konferens-zallar va ofis binolari ham tashkil etilgan.
Ushbu maskan bizga an’analarni saqlash va rivojlanishning ahamiyatini eslatib turadi. Shuningdek, shaharning o‘ziga xos tarixini saqlab, kelajak uchun yangi yo‘llar ochayotgan muhim nuqta hisoblanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Uzbx8yVrzgs" title="«Зарафшон» савдо маркази: 50 йилик тарих, илҳом ва ривожланиш" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA