Zarafshonda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Zarafshon shahrida bo‘lib, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdi.
Ayni paytda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan yangi va ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda.
Loyihalarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, shahar infratuzilmasiga mos zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va biznes markazlarini tashkil etish, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun ekoturizm, madaniy va ko‘ngilochar zonalarni barpo etish, aholi, xususan, yoshlar uchun yangi va doimiy ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Loyihalar taqdimoti davomida viloyat rahbari har bir loyihaning iqtisodiy samaradorligi, amalga oshirish muddatlari hamda yaratiladigan yangi ish o‘rinlari xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Viloyat hokimi “Bahor” mahallasida qad rostlayotgan “Zarafshon Mall” savdo-ko‘ngilochar majmuasining qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Umumiy maydoni 19 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi ushbu muhtasham majmua foydalanishga topshirilgach, shahardagi eng yirik va zamonaviy savdo hamda hordiq chiqarish maskanlaridan biriga aylanadi.

Loyiha doirasida jahon standartlariga mos keluvchi savdo do‘konlari, xalqaro brendlar rastalari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va aholiga turli yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi zamon talablariga mos nuqtalar joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.
“Zarafshon oyna” MCHJda esa korxonada yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda yangi zamonaviy bino qurish loyihalari taqdimot qilindi.
Bugungi kunda jamiyatda umumiy qiymati 180 million dollar bo‘lgan “Kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarishni tashkil etish” yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida ajratilgan 29 gektar maydonda yerni tekislash, rejalashtirish va kotlovan ishlari to‘liq yakunlanib, ishlab chiqarish sexining metall karkaslari o‘rnatib bo‘lindi.

Hozirda ob’ektning bosh rejasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish belgilangan reja asosida davom etmoqda.
Loyiha 2028-yilning dekabr oyida ishga tushiriladi. Natijada korxonada mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshishi bilan birga 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Viloyat rahbari loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida yakunlash, shuningdek, investorlar uchun barcha zarur va qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha mutasaddilar va tadbirkorlarga tegishli tavsiya hamda topshiriqlar berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri