Zarafshon mintaqasi – xalqaro ilmiy-amaliy hamkorlik va innovatsiyalar chorrahasida
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Zarafshon mintaqasini kompleks innovatsion rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va istiqbollar” mavzusida VII Xalqaro ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan tadbirda tog‘-kon va metallurgiya sanoatining bugungi holati, zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, sun’iy intellekt, energiya samaradorligi, ekologik barqarorlik hamda ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasi kabi muhim masalalar keng muhokama qilindi.
Anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning yetakchi olimlari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, muhandislar, tadqiqotchilar hamda sanoat sohasi mutaxassislari ishtirok etdi. Xususan, Rossiya, Germaniya, Gruziya, Malayziya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlardan tashrif buyurgan olimlarning ma’ruzalari konferensiyaning xalqaro miqyosini yanada kengaytirdi.
– Anjuman uchta muhim ustuvor yo‘nalishga bag‘ishlandi, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor To‘lqin Nurmurodov. – Birinchisi – sun’iy intellekt texnologiyalarini tog‘-kon metallurgiya sohasiga joriy etish, ikkinchisi – ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va texnologik suverenitetni ta’minlash, uchinchisi esa ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada chuqurlashtirish masalalaridir. Mazkur yo‘nalishlar bugungi sanoat taraqqiyotining eng muhim omillarini qamrab oladi. Bugun Zarafshon mintaqasi – nafaqat tabiiy boyliklari bilan, balki ilmiy salohiyati, zamonaviy texnologiyalari, malakali mutaxassislari va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari bilan ham katta taraqqiyot maydoniga aylanmoqda. Shubhasiz, bugungi sanoat endi faqat qazib olish yoki ishlab chiqarish bilan cheklanmaydi. Uning kelajagi ilmiy g‘oya, raqamli texnologiya, sun’iy intellekt va yuqori malakali mutaxassis uyg‘unligidadir.
Yalpi majlisdan so‘ng, ilmiy muhokamalar geologiya, metallurgiya, mashinasozlik, energetika, sanoat ekologiyasi va innovatsion menejment kabi yo‘nalishlardagi mutaxassislar o‘z ilmiy izlanishlari bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, muayyan sohaning bugungi muammolari bilan birga, ularni ilmiy va texnologik yechimlar orqali bartaraf etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
– Bugungi xalqaro konferensiya juda yuqori mazmundagi anjuman. Ko‘plab xorijiy mutaxassislar, olimlar ishtirok etmoqda. Chunki Navoiy sanoatida bo‘layotgan ishlar ko‘pchilikni qiziqtiradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Nodirbek Yusupbekov. – Bu yerda olimlar o‘zlarining yangi ishlari bilan o‘rtoqlashish bilan birga, xorijdan kelgan mehmonlarning tajribasi bilan ham tanishmoqda. Ayniqsa, anjumanda sun’iy intellekt va raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani zamon talabi bilan hamohangdir. Zero, bugun sun’iy intellekt faqat axborot texnologiyalari sohasining emas, balki sanoat, energetika, transport, ta’lim va boshqa ko‘plab tarmoqlarning ham rivojlanish omiliga aylanmoqda.
Anjumanning muhim jihatlaridan yana biri xalqaro ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan uchrashuvlar bo‘ldi. Xususan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Hindiston texnologiya instituti o‘rtasida anglashuv memorandumini imzolash marosimi tashkil etildi. Shuningdek, M.S.Osimi nomidagi Tojikiston texnika universiteti bilan fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Gruziya texnika universiteti bilan esa ilmiy yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bunday muloqotlar universitetning xalqaro ilmiy aloqalarini kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvini rivojlantirish hamda yosh olimlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
[gallery-31613]
Anjuman dasturi doirasida “Lab & Production Solutions” kompaniyasi tomonidan tog‘-kon metallurgiyasi uchun zamonaviy analitik yechimlarga bag‘ishlangan maxsus seminar tashkil etildi. Unda laboratoriya va ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumani va brifingda forumning maqsad va vazifalari, ilmiy sessiyalarda muhokama qilingan masalalar hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar uchun tashkil etilgan texnik sayohat forumning yana bir muhim amaliy qismlaridan biriga aylandi. Xorijiy va mahalliy olimlar dunyoga mashhur “Muruntov” oltin koniga tashrif buyurib, zamonaviy qazib olish texnologiyalari va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari