Zamonaviy texnologiyalar va ta’lim
Toshkent pediatriya tibbiyot institutida zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayonida qo‘llash samaralariga bag‘ishlangan o‘quv-uslubiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Toshkent pediatriya tibbiyot institutida zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayonida qo‘llash samaralariga bag‘ishlangan o‘quv-uslubiy anjuman bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda poytaxtimiz va viloyatlardagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori B.Daminov va boshqalar ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini ta’limning barcha bo‘g‘iniga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirish, yoshlarga jahon andozalari darajasida ta’lim berish, navqiron avlod intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 27-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.
Mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida ham ta’lim jarayonida ilg‘or pedagogik uslublar va zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotir. Oliy o‘quv yurtlarida komputer sinflari tashkil etilib jahon aloqa tarmog‘iga ulangan. Axborot resurs markazlarining ma’lumotlar bazasi muntazam boyitib borilayotir.
Uch yo‘nalishda bakalavr, ellikka yaqin ixtisoslik bo‘yicha magistr va klinik ordinator mutaxassislar tayyorlanayotgan Toshkent pediatriya tibbiyot institutining axborot resurs markazi bazasida qariyb qirq to‘qqiz ming nom, uch yuz yetmish besh ming nusxada kitob va elektron adabiyotlar jamlangan. Bu talabalarni jahon tibbiyotining ilg‘or texnologiyalari bilan yaqindan tanishtirish, yoshlarning bilim va tafakkurini yuksaltirishga xizmat qilayotir. Ta’lim va amaliyot jarayonini yanada kuchaytirish maqsadida yigirmaga yaqin klinikalarda amaliyot bazalari shakllantirilgan.
Tadbirda ta’lim jarayonida ilg‘or pedagogik uslublar va zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalanish borasida erishilayotgan natijalar tahlil etildi, bu borada orttirilgan ilg‘or tajribalar ommalashtirildi va istiqboldagi vazifalar xususida fikrlashildi.